Jizzaxda Arnasoy aeroportini kengaytirishga BAAdan $11 mln investitsiya yo‘naltiriladi
Hududda turizm infratuzilmasi rivojlantirilib, yangi ekoturizm va dam olish zonalari tashkil etiladi
Фото: «УзА»
Jizzax viloyatida Birlashgan Arab Amirliklari hamkorligida Arnasoy aeroportini kengaytirish va bir qator infratuzilma loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident qarorida ma’lum qilindi.
Hujjatga ko‘ra, aeroportni modernizatsiya qilish loyihasining umumiy qiymati $11 mlnni tashkil etadi. Ishlarni Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda mahalliy hokimlik muvofiqlashtiradi.
Shu bilan birga, viloyatda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha ham yirik loyihalar amalga oshiriladi. Zafarobod tumanining “Chimqo‘rg‘on” mahallasida 115 gektar maydonda ekoturizm majmuasi barpo etiladi. Ushbu loyiha doirasida Aydar–Arnasoy ko‘llari bo‘yidagi muhofaza zonasi 200 metrdan 100 metrgacha qisqartiriladi.
Zomin tumanida “O‘rmon” agentligiga qarashli 81,7 gektar yerda yangi turistik hudud tashkil etiladi. Shuningdek, Aydar–Arnasoy ko‘llar tizimi bo‘ylab 207 gektar yer maydoni o‘zlashtiriladi. Turizm salohiyatini oshirish maqsadida Arnasoy tumaniga Tuzkon ko‘li atrofidagi 22 ming gektar yer maydoni ham o‘tkaziladi.
Barcha loyihalarni Jizzax viloyati hokimligi huzurida tashkil etiladigan Turizm obyektlarini rivojlantirish va boshqarish departamenti muvofiqlashtiradi. 2027-yil oxirigacha turistik hududlarda yer sotishdan tushgan mablag‘lar infratuzilma qurilishi va departament faoliyatini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, yangi tuzilma master-rejalar ishlab chiqish uchun xalqaro maslahatchilarni jalb qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ