AQSH O‘zbekiston fuqarolari uchun immigratsion vizalar berilishini vaqtincha to‘xtatdi
Cheklovlar 75 ta davlatni qamrab olib, doimiy yashash uchun ketishni rejalashtirgan shaxslarga taalluqli hisoblanadi
AQSH O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek yana bir qator davlatlar aholisi uchun immigratsion vizalar rasmiylashtirish jarayonini vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hujjatlarni ko‘rib chiqish 2026-yil 21-yanvardan boshlab noma’lum muddatga to‘xtatiladi. Ushbu davrda tashqi siyosat idorasi immigratsion arizalarni tekshirish va tanlash tartiblarini to‘liq qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda. Cheklovlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — AQSH ijtimoiy ta’minot tizimi uchun moliyaviy yuk bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslar ustidan nazoratni kuchaytirishdir. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, konsullik xodimlari davlat nafaqalariga muhtoj bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslarga viza berishni rad etishi shart.
Kengaytirilgan ro‘yxatga jami 75 ta davlat kiritilgan. Ular orasida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus va Gruziya bor. Shuningdek, Afg‘oniston, Braziliya, Misr, Nigeriya, Tailand va boshqa mamlakatlar ham ro‘yxatdan joy olgan. Qaror AQSHga doimiy yashash uchun ko‘chib o‘tishni rejalashtirayotgan shaxslarga taalluqli bo‘ladi. Ushbu ma’lumotni Oq uy matbuot kotibi Karolin Livitt X ijtimoiy tarmog‘ida tasdiqladi.
Endilikda arizalarni ko‘rib chiqishda konsullik xodimlari nomzodning yoshi, sog‘lig‘i, ingliz tilini bilish darajasi, moliyaviy jamg‘armalari hamda uzoq muddatli tibbiy parvarishga ehtiyoji bo‘lishi mumkinligini hisobga oladi. Keksalar yoki sog‘liq bilan bog‘liq xavf omillari mavjud bo‘lgan shaxslarga rad javobi berilishi mumkin. Shuningdek, avval davlat moliyaviy yordamini olganlik yoki maxsus muassasalarda davolanganlik holatlari ham xavf omili sifatida baholanadi.
AQSH Davlat departamenti vakili Tommi Piggotning ta’kidlashicha, hukumat amerikalik soliq to‘lovchilarning mablag‘lari hisobidan yashashni ko‘zlagan xorijliklarning mamlakatga kirishini cheklash bo‘yicha o‘z vakolatlaridan foydalanadi. Qayd etilishicha, istisnolar faqat moliyaviy mustaqilligini to‘liq isbotlay olgan va yangi qat’iy talablarga mos keladigan shaxslargagina tatbiq etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ