AQSh O‘zbekiston fuqarosi va uning kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar kiritdi

U eksploytlar brokeri deb atalib, hujumkor kiberxavfsizlik faoliyati bilan shug‘ullangani aytilmoqda

AQSh O‘zbekiston fuqarosi va uning kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar kiritdi

AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) 24-fevral kuni e’lon qilgan yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kiberxavfsizlik sohasidagi noqonuniy faoliyat uchun jami 4 nafar jismoniy shaxs va 3 ta kompaniya kiritildi.

Rasmiy hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi Azizjon Maxmudovich Mamashoyev (1987-yilda tug‘ilgan) va unga tegishli bo‘lgan, BAA hamda O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi Advance Security Solutions kompaniyasi ham sanksiyalar ostiga tushgan.

Mazkur qaror ushbu Azizjon Mamashoyev va kompaniyaning kiberqurilmalar va dasturiy ta’minotlardagi zaifliklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi Operation Zero tarmog‘iga ko‘maklashgani bilan izohlanadi. Azizjon Mamashoyev Rossiyaga aloqador bo‘lgan va avvalroq AQSh tomonidan sanksiyalangan Sergey Zelenyuk hamda uning brokerlik tarmog‘iga moddiy, texnologik va moliyaviy yordam berganlikda ayblanmoqda. Special Technology Services LLC FZ (STS) (BAA) ham tarmoqning moliyaviy va texnik infratuzilmasini ta’minlagan kompaniya sifatida sanksiyaga uchradi.

Advance Security Solutions kompaniyasi AQShda ishlab chiqilgan texnologiyalardagi zaifliklarni topish uchun mukofotlar taklif qiluvchi va ushbu ma’lumotlarni noqonuniy tarzda sotuvchi vositachi tashkilot sifatida qayd etilgan.

Joriy etilgan cheklovlarga ko‘ra, Azizjon Mamashoyev va uning kompaniyasining AQSh yurisdiksiyasidagi barcha aktivlari va bank hisob raqamlari bloklanadi. Shuningdek, AQSh fuqarolari va kompaniyalariga ushbu shaxslar bilan har qanday iqtisodiy aloqalarni olib borish, xizmat ko‘rsatish yoki tovar ayirboshlash qat’iyan taqiqlanadi.

Bundan tashqari, sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiya fuqarosi Oleg Vyacheslavovich Kucherov ham kiritildi. OFAC uni Trickbot kiberjinoyatchilik guruhining taxminiy a’zosi deb atamoqda. Ilk bor 2016-yilda aniqlangan ushbu guruh modulli zararli dasturiy ta’minotlardan foydalangan holda kiberhujumlar uyushtirgan. Jumladan, ular AQSh davlat organlari, shuningdek, shifoxonalar va tibbiyot muassasalariga nisbatan tovon puli talab qiluvchi dasturlar orqali hujumlar uyushtirishda ayblanmoqda.

OFAC ma’lumotlariga ko‘ra, Mamashoyev va Kucherov avvalroq Operation Zero bilan ishchi aloqalarga ega bo‘lgan. Ular Sergey Zelenyukka sezilarli moliyaviy, moddiy yoki texnologik yordam ko‘rsatgani yoxud uning manfaatlari yo‘lida harakat qilgani uchun sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Wolt O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatadi
/
Wolt O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatadi
Toshkent fond birjasi “O‘zbektelekom” aksiyalari savdosi vaqtincha to‘xtatdi
/
Toshkent fond birjasi “O‘zbektelekom” aksiyalari savdosi vaqtincha to‘xtatdi
O‘zbekiston va Afg‘oniston savdo bitimini kuchga kiritishni jadallashtiradi
/
O‘zbekiston va Afg‘oniston savdo bitimini kuchga kiritishni jadallashtiradi