O‘zbekistonda alimentdan qarzdorlarga ayrim moliya-kredit xizmatlaridan foydalanish cheklanadi
Bundan tashqari, MIBga qo'shimcha 400 ta shtat birligi ajratiladi
Фото: «РИА Новости»
O‘zbekistonda alimentdan qarzdorlarga 2026-yil 1-maydan boshlab ayrim turdagi moliya-kredit xizmatlaridan foydalanish cheklanadi. Bu haqda prezidentning 30-martdagi farmonida belgilandi.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish va samaradorligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga ko‘ra, aliment to‘lovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirish maqsadida aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda qarzdorlik to‘liq bartaraf etilguncha qadar alohida yirik bitimlarni amalga oshirish, ayrim turdagi moliya-kredit va davlat xizmatlaridan foydalanishni cheklash tartibi joriy etiladi.
Bosh prokuratura ikki oy muddatda ushbu tartibni tasdiqlash hamda ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlik mavjudligi tekshirilib amalga oshiriladigan yirik bitimlar, moliya-kredit va davlat xizmatlari ro‘yxatini kengaytirishga oid qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
MIBga qo‘shimcha 400 ta shtat ajratiladi
Muammoli kreditlar bo‘yicha ijro hujjatlari asosida vujudga kelgan majburiyatlarni undirish bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshirish ixtisoslashtirilgan davlat ijrochilariga yuklatiladi. Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasidan tijorat banklari tomonidan moliyalashtiriladigan mablag‘lar hisobidan qo‘shimcha 400 ta ixtisoslashtirilgan davlat ijrochisi shtat birligini ajratiladi.
Tijorat banklari tomonidan mablag‘ ajratilgunga qadar uch oy davomida kelgusidagi tushumlar hisobidan qoplash sharti bilan ixtisoslashtirilgan davlat ijrochisi shtat birliklarini moliyalashtirish Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasidan amalga oshiriladi. Ixtisoslashtirilgan davlat ijrochisi shtat birliklarini qo‘shimcha ajratish yoki kamaytirish Bosh prokuror buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
MIB va Markaziy bank ikki oy muddatda kelishilgan holda muammoli kreditlar bo‘yicha ijro hujjatlari asosida vujudga kelgan majburiyatlarni undirishda amalga oshiriladigan to‘lovlarni ajratish tartibini tasdiqlaydi. To‘lovlar MIB va tijorat banklari o‘rtasida tuziladigan shartnoma doirasida belgilanadi.
Kapital.uz avvalroq minimal aliment 715 ming so‘mga oshirilishi haqidagi qonun loyihasi ishlab chiqilgani haqida xabar bergandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ