O‘zbekiston milliy kompaniyalari aksiyalari ilk bor London fond birjasida joylashtiriladi

IPO jarayoni Franklin Templeton ko‘magida London va Toshkent birjalarida bir vaqtda o‘tkaziladi

O‘zbekiston milliy kompaniyalari aksiyalari ilk bor London fond birjasida joylashtiriladi

O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi davlat korxonalari ulushlarini birlamchi ommaviy joylashtirishni (IPO) bir vaqtning o‘zida Buyuk Britaniya va Toshkent fond birjalarida o‘tkazadi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.

Shu tariqa, O‘zbekiston global kapital bozoriga chiqishni boshlaydi. Mahalliy aksiyadorlik jamiyatlari qimmatli qog‘ozlari London Stock Exchange hamda Respublika fond birjasi “Toshkent” savdo maydonchalarida bir vaqtda joylashtiriladi.

IPOga tayyorgarlik va uni tashkil etish jarayonini xalqaro investitsiya kompaniyasi Franklin Templeton olib boradi. Mazkur kompaniya O‘zbekistonda moliyaviy faoliyat yuritish uchun litsenziyaga ega.

Xorijiy birjalarda aksiyalarni joylashtirishdan asosiy maqsad — xalqaro investorlarni jalb qilishdir. Bu, shuningdek, o‘zbekistonlik emitentlarning global korporativ boshqaruv standartlari va ochiq bozor tamoyillariga mos ishlashga tayyorligini ko‘rsatadi.

Davlat rahbari avvalroq qabul qilgan qarorga ko‘ra, davlat kompaniyalari va tijorat banklarida korporativ boshqaruv takomillashtiriladi. Xususan, kuzatuv kengashlarida mustaqil a’zolar ulushi 50% gacha oshiriladi hamda Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalarining 30% igacha qismi 2026-yil oxirigacha mahalliy va xorijiy birjalarda joylashtiriladi.

IPOga tayyorgarlikda Cleary Gottlieb Steen & Hamilton LLP va Kosta Legal yuridik firmalari ham ishtirok etmoqda. Shuningdek, Franklin Templeton vakillari jamg‘arma tarkibidagi korxonalar direktorlar kengashiga kiritiladi.

2026-yil iyuligacha mas’ul vazirlik xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ushbu korxonalar rahbariyatining kompetensiyalarini auditdan o‘tkazadi. Natijada talabga javob bermagan top-menejerlar o‘rniga yangi mutaxassislar tanlov asosida tayinlanishi mumkin.

2025-yil sentabr oyida hukumat jamg‘arma aktivlarini qayta shakllantirib, undan “Mikrokreditbank”, Biznesni rivojlantirish banki va Uzbekistan Airports ulushlarini chiqargan edi. Ularning o‘rniga “O‘zbekgidroenergo”, “Temiryo‘linfratuzilma” va “O‘zbekinvest”dagi ulushlar oshirildi.

Shuningdek, jamg‘arma tarkibiga “O‘zpromstroybank”ning 30 foiz aksiyalari ham kiritildi. Investorlar qiziqishini oshirish maqsadida dividendlarni soliqdan ozod qilish rejalashtirilgan. Tayyorgarlik jarayoniga iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov boshchiligidagi ishchi guruh rahbarlik qilmoqda.

Avvalroq Bloomberg Milliy investitsiya jamg‘armasi 2026-yilning birinchi choragidayoq London va Toshkent birjalariga chiqishi mumkinligini xabar qilgan edi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Yangi bojxona mexanizmi orqali $500 mln investitsiya jalb etish rejalashtirilmoqda
/
Yangi bojxona mexanizmi orqali $500 mln investitsiya jalb etish rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonda zargarlar to‘lagan QQSning 80%ini qaytarib oladi
/
O‘zbekistonda zargarlar to‘lagan QQSning 80%ini qaytarib oladi
“Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo’yildi
/
“Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo’yildi