Uzbekistan Airways bir kunda Airbus A320/321 samolyotlari tizimlarini modernizatsiya qildi
Yangilanish quyosh nurlanishi sababli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uskunalar nosozligi xavfini bartaraf etadi
Фото: Kapital.uz
Milliy aviakompaniya Uzbekistan Airways A320/321 oilasiga mansub laynerlaridagi parvozlarni boshqarish tizimlariga o‘zgartirishlar kiritishni yakunladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi (EASA) joriy yilning 28-noyabr kuni bortdagi kompyuterlardan biri — ELAC (Elevator Aileron Computer) dasturiy ta’minotining versiyasini zudlik bilan almashtirish bo‘yicha talabni e’lon qilgan. Ushbu choralar kuchli quyosh nurlanishi tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uskuna nosozliklari xavfini bartaraf etishga qaratilgan.
Direktivani bajarish uchun aviakompaniyalarga atigi bir sutka vaqt ajratilgan. Texnik mutaxassislar xabar kelib tushganidan keyin bir soat ichida harakat rejasini ishlab chiqdi. O‘zgarishlar Airbus A320 va A321 (ceo va neo seriyalari) modellari bo‘yicha ekspluatatsiya qilinayotgan barcha samolyotlarga tatbiq etildi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 29-noyabr kuni ko‘rsatilgan barcha laynerlar modernizatsiya jarayonidan muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. Yangilanish jarayoni Toshkent vaqti bilan soat 23:00 da to‘liq yakunlangan. Kompaniyada ta’kidlanishicha, parvozlar texnik holati amaldagi xalqaro standartlarga to‘liq mos keladigan samolyotlarda amalga oshirilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ