Tovar-xomashyo birjasida Ai-80 benzini narxi rekord qiymatga yetdi
Dushanba kuni uning narxi tonnasiga o‘rtacha 10 mlndan oshgan

Фото: K-News
14-iyul, dushanba kuni Tovar-xomashyo birjasidagi savdolarda Ai-80 markali benzin narxi tonnasiga o‘rtacha 10 mln 274 ming so‘mgacha ko‘tarilib, rekord ko‘rsatkichga chiqdi.
O‘rtacha narx avvalgi savdo kuniga qaraganda 282 ming so‘mga qimmat bo‘ldi. Sotilgan hajm 1 ming 650 tonnani tashkil etdi.
Bundan avvalgi rekord 10-iyul kungi savdolarda o‘rnatilgan: o‘shanda ham 1 ming 650 tonna Ai-80 benzini sotilib, o‘rtacha narx 10 mln 195 ming so‘mga teng bo‘lgandi.
11-iyulda esa birjada noodatiy ravishda ko‘p: 11 ming 730 tonna Ai-80 benzini sotildi va o‘rtacha narx 203 ming so‘mga arzonlashib, 9 mln 992 ming so‘mgacha tushgandi.
14-iyul kungi o‘rtacha narx (10 mln 274 ming so‘m) – bir yil oldingidan 15% ga, ikki yil oldingidan 47% ga yuqori.
Bu raqamlar Ai-80 benzini narxi O‘zbekistondagi rasmiy inflatsiyadan bir necha barobar yuqori o‘sayotganini ko‘rsatadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ