O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr eksportini bir necha barobarga oshirishni rejalashtirmoqda
Bu 2027-yil aprel oyida “Puli-Xumri” liniyasini qurib bitkazilgandan so'ng amalga oshiriladi
Фото: tvnews.ru
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi energetika sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Bu haqda 28-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda Gazeta.uz.
Afg‘oniston bilan hamkorlik, mana o‘zingiz bilasiz, qanaqa yaxshi ketyapti, qanaqa rivojlanyapti. Men oxirgi ikki oy ichida uch marta bordim. Tinch, xudoga shukur. Ularning o‘zida ham rivojlanishga, umuman iqtisodiyotini rivojlantirishga juda harakatlar bor. Bu energiya resursisiz bo‘lmaydi, elektroenergiyasiz bo‘lmaydi, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston tomoni yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun to‘lov bo‘yicha o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarmoqda.
Oldingi hukumatning qarzlarini ham hozirgi hukumat kelgandan keyin to‘liq yopdi. Mana “O‘zenergosotish” kompaniyamiz rahbari aytsin: Afg‘oniston tomonidan iste’mol qilingan, biz yetkazib bergan elektroenergiya uchun to‘lov bo‘yicha umuman kechikish ham, boshqasi ham yo‘q, — dedi vazir.
Mirzamahmudov O‘zbekiston elektr energiyasi eksportini sezilarli darajada oshiradigan 500 kV quvvatli “Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasini qurish loyihasini amalga oshirishni boshlaganini ma’lum qildi. Tomonlar sentabrda bu bo’yicha shartnomani imzolagan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Afg‘oniston tomonlari liniya qurilishini 18 oy ichida yoki 2027-yilning 1-apreliga qadar yakunlash maqsad qilgan.a
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ