O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida $400 mlnlik shartnomalar imzolandi
Farg‘onadagi biznes forumda 20 ta savdo kelishuvi tuzilib, hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Afg‘onistonning “Ariananews” telekanalida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo va investitsiya forumi yakunlari haqida maqola e’lon qilindi. Bu haqda “Dunyo” AA muxbiri xabar berdi.
Unda qayd etilishicha, Farg‘ona viloyatida ikki davlat o‘rtasida yuqori darajadagi biznes forum bo‘lib o‘tgan. Tadbir doirasida umumiy qiymati $400 mlndan ortiq bo‘lgan 20 ta savdo shartnomasi imzolangan. Mazkur kelishuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Rasmiy tashrif doirasida o‘tgan uchrashuvlarda O‘zbekiston va Afg‘oniston xususiy sektori vakillari savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Imzolangan bitimlar to‘qimachilik, xomashyo, farmatsevtika va boshqa sanoat yo‘nalishlarini qamrab olgan.
Ma’lum qilinishicha, Afg‘oniston delegatsiyasiga mamlakat Savdo-sanoat palatasi rahbarining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Zalgay Azimiy boshchilik qilgan. Delegatsiya tarkibidan bir qator biznes vakillari ham o‘rin olgan.
Muzokaralar davomida tomonlar chegaralararo savdoni rivojlantirish hamda uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ