ADNOC “Lukoyl”ning O‘zbekistondagi gaz aktivlariga qiziqmoqda — Bloomberg
Kompaniya xorijiy aktivlarini bitta paketda sota olmasligi tufayli boshqa kompaniya “Lukoyl”ni sotib olib, keyinchalik qayta sotishi mumkin
Abu Dhabi National Oil kompaniyasi “Lukoyl” kompaniyasining O‘zbekistondagi gaz operatsiyalariga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Bloomberg o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, “Lukoyl” o‘zining xorijiy aktivlarini bitta paketda sotmoqchi, ammo bu muammolar tug‘diradi. Shu sababli jarayon ikki bosqichda amalga oshirilishi, bunda bitta xaridor — masalan, qaysidir moliyaviy kompaniya “Lukoyl”ning barcha xorijiy aktivlarini sotib olib, keyin ularni asta-sekin bo‘laklarga bo‘lib sotishi mumkin.
Bloomberg manbalari Rossiya kompaniyasining ba’zi xorijiy aktivlarini o‘rganayotgan xaridorlar orasida Amerikaning Exxon va Chevron kompaniyalari ham borligini qayd etgan. Ular kompaniyaning Iroqdagi “G‘arbiy Qurna-2” konidagi ulushiga qiziqish bildirmoqda.
Sanksiyalar va aktivlarni sotish
22-oktabr kuni AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) “Lukoyl”ni o‘zining sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shib, blokirovka cheklovlarini joriy qildi. Sanksiyalar “Lukoyl”ning 50% dan ortiq ulushiga ega bo‘lgan kompaniya va uning shu’ba korxonalari bilan bitimlarni tugatish uchun bir oylik muddatni (21-noyabrgacha) talab qilardi.
AQSh va xorijiy fuqarolar yoki moliya institutlariga 21-noyabrdan keyin ushbu kompaniyalar va ularning shoba korxonalariga yordam berish taqiqlangandi (bu muddat endi o‘zgartirildi), aks holda, ular ikkinchi darajali sanksiyalarga duch kelishi mumkin edi.
27-oktabr kuni “Lukoyl” o‘zining xorijiy aktivlarini sotishini e’lon qildi va Gunvor Group bilan deyarli kelishuvga erishgandi, ammo AQSh bu kelishuvga qarshi chiqdi.
Amerikaning Chevron va Carlyle kompaniyalari Rossiya kompaniyasi aktivlariga qiziqish bildirayotgani xabar qilingandi.
18-noyabr kuni AQSh Moliya vazirligi sanksiyalar kuchga kirishi muddatini uzaytirdi. Unga ko‘ra, tegishli bitimlarni amalga oshirishni qiyinlashtirishi mumkin bo‘lgan sanksiya cheklovlari 13-dekabrgacha kechiktirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ