O‘zbekistondagi 50 ta yirik korxonada sanoat turizmi yo‘lga qo‘yiladi
Ro‘yxatda UzAuto Motors, Artel va Uzbekistan Airways kabi yirik kompaniyalar qayd etilgan
O‘zbekiston Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi sanoat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qaror loyihasini e’lon qildi. Hujjat Adliya vazirligining normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida joylashtirilgan.
Loyihaning asosiy maqsadlari — “ochiq” sanoatni targ‘ib qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga nisbatan iste’molchilar ishonchini oshirish hamda yoshlar orasida texnik kasblarga qiziqishni kuchaytirishdan iborat. Shuningdek, “Made in Uzbekistan” brendini ommalashtirish ko‘zda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, 50 ta yirik sanoat korxonasida ekskursiyalar tashkil etiladi. Ular quyidagi yo‘nalishlarga bo‘lingan:
Sanoat tarmoqlari va korxonalar
| Tarmoq | Korxonalar |
|---|---|
| Tog‘-kon va metallurgiya | AGMK, NGMK, “Uzmetkombinat” |
| Energetika | Buxoro NPZ, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, UzGTL |
| Kimyo sanoati | Qo‘ng‘irot soda zavodi, Dehqonobod kaliy zavodi, Maxam-Chirchiq, Sirdaryo Mega Luks |
| Shisha va qurilish materiallari | “Kvarts”, Sirdaryo Universal Oyna, AWP, Knauf Gips Buxoro |
| Avtosanoat | UzAuto Motors, UzAuto Motors Powertrain Xorazm, Samarqand avtozavodi, JV MAN Auto-Uzbekistan, Asaka Motors |
| Avtokomponentlar ishlab chiqarish | UzAuto Motors Powertrain (Toshkent), Auto Spring Components, O‘zauto-Austem, O‘zminda, Uzsungwoo, Avtooyna, Evroosiyo Tapo-Disk |
| Mashinasozlik | “Toshelmash”, “Suvsanoatmas”, “Mexmash” (Namangan) |
| Elektrotexnika | Bukhara Next Generation Product (Artel), Alp Tehno Servis |
| Qishloq xo‘jaligi | Silverleafe, Jingu Sanoat Parki |
| To‘qimachilik | Sulton Styles |
| Oziq-ovqat sanoati | Galla-Alteg, Latico, “Xorazm Shakar”, “Shohrud” vino zavodi |
| Banknot va tangalar ishlab chiqarish | “Davlat belgisi” bosmaxonasi, “Davlat belgisi” zarbxonasi |
| Aviatsiya | Uzbekistan Airways (Sergeli aerodromi) |
| Erkin iqtisodiy zonalar | Angren, G‘ijduvon, Navoiy, Namangan, Termiz, Urgut |
Shuningdek, ro‘yxat mahalliy hokimliklar tavsiyasi asosida kengaytirilishi mumkin.
Korxonalarda turistlar uchun xavfsiz marshrutlar, muzeylar va ishlab chiqarish jarayonlari haqida ma’lumot beruvchi shourumlar tashkil etiladi. Ushbu ma’lumotlar yagona milliy turizm platformasida e’lon qilinadi.
Sanoat turizmi ishtirokchilari uchun qator imtiyozlar ham nazarda tutilgan. Jumladan, reklama xarajatlariga 50% chegirma beriladi va marketing xarajatlari eksport xarajatlari sifatida hisobga olinadi.
2026-yil sentyabrigacha namunaviy turistik marshrutlar ishlab chiqiladi, oktyabrgacha esa gidlar tayyorlanadi. 2027-yilda 1,23 mln, 2028-yilda esa 1,7 mln turistni jalb qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, hukumat tomonidan soliq imtiyozlari, subsidiyalar va infratuzilma yaratish orqali sanoat turizmi ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash choralari ishlab chiqiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ