Xitoy kompaniyalari O‘zbekistondagi 5 ta GESni modernizatsiya qiladi
Buning natijasida stansiyalarning quvvati 16,4 MVt-32,4 MVtga yetkaziladi
Foto: O‘zbekgidroenergo
“O‘zbekgidroenergo” AJ Xitoyning Sinohydro Co., Ltd. va TBEA Co., Ltd. kompaniyalari bilan gidroelektr stansiyalarni modernizatsiya qilish bo‘yicha shartnomalar imzoladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda. Loyihalar EPC (“pod klyuch”) — tayyor holda topshirish tamoyili asosida amalga oshiriladi.
Ma’lum qilinishicha, ochiq tender natijalariga ko‘ra, Sinohydro Co., Ltd. Andijon viloyatidagi Shahrixon GESlar kaskadi tarkibidagi GES-5A va GES-6A ni modernizatsiya qiladi. Loyiha doirasida loyihalashtirish, qurilish, uskunalar yetkazib berish va obyektlarni ishga tushirish ishlari to‘liq amalga oshiriladi.
Modernizatsiya natijasida mazkur stansiyalarning amaldagi 7,6 MVt quvvati 16,4 MVtga yetkazilib, qo‘shimcha 7,8 MVt quvvat yaratiladi. Yiliga yana 33 mln kVt/soat elektr energiya ishlab chiqarish, 13 mingdan ortiq xonadonni elektr bilan ta’minlash, 11 mln kub metr gaz va 27,5 ming tonnadan ortiq ko‘mirni tejash rejalashtirilgan.
Shuningdek, tender natijalariga ko‘ra, TBEA Co., Ltd. Toshkent viloyatidagi Quyi Bo‘zsuv GESlar kaskadi tarkibidagi GES-19, GES-22 va GES-23 ni modernizatsiya qilish bo‘yicha ijrochi sifatida tanlangan.
Ushbu stansiyalarda modernizatsiya natijasida umumiy quvvat 27,4 MVtdan 32,4 MVtgacha oshirilib, qo‘shimcha 5 MVt quvvat yaratiladi. Yiliga qo‘shimcha 52,8 mln kVt/soat elektr energiya ishlab chiqarilishi, 21 mingdan ortiq xonadonni elektr bilan ta’minlash, 17 mln kub metr gaz va 40 ming tonnadan ortiq ko‘mirni tejash kutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, loyihalar gidroenergetika obyektlarining samaradorligini oshirish, boshqaruv va texnologik tizimlarni zamonaviylashtirish, shuningdek, ekologik toza energiya ishlab chiqarish va energetika xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ