Toshkentda yana 4 ta ko‘chada BRT ajratilgan yo‘laklari joriy etiladi
2030-yilgacha tezkor avtobus yo‘laklari uzunligi 36,2 kmga kengaytiriladi, jamoat transporti ulushi 60%ga yetkazilishi rejalashtirilgan
Фото: пресс-служба президента
Toshkent shahrida 2030-yilgacha mo‘ljallangan transport master-rejasi doirasida tezkor avtobus yo‘laklari — BRT tizimini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi hisobotida ma’lum qilingan.
2027–2030-yillarda loyiha umumiy uzunligi 36,2 kmga kengaytiriladi. Hozirga qadar bir qator markaziy ko‘chalarda, jumladan Shota Rustaveli ko‘chasida BRT yo‘laklari tashkil etilgan. Ushbu uchastkada avtobuslar harakat tezligi 14 km/soatdan 24 km/soatgacha oshib, 42%ga tezlashgan.
Yaqin yillarda BRT tarmog‘i quyidagi ko‘chalarda joriy etiladi:
- Shahrisabz;
- Amir Temur;
- Mirzo Ulug‘bek;
- Yangi Sergeli.
Ushbu uchastkalarning umumiy uzunligi 18,1 kmni tashkil etadi. Keyingi bosqichda Maxtumquli, Feruza, Yuzrabot, Lutfi va Muqimiy ko‘chalarida yana 17,8 km maxsus yo‘lak barpo etiladi.
Shuningdek, Nurafshon, Qoratosh, Ko‘kcha darvoza, Parkent va Kichik halqa avtomobil yo‘lida soddalashtirilgan BRT koridorlari tashkil etish rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida 2,6 mingta nazorat kamerasi o‘rnatish va adaptiv svetofor tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan. Natijada yo‘lovchilar uchun safar vaqti ikki barobarga qisqarishi va jamoat transportidan foydalanish ulushi 60%ga yetishi kutilmoqda.
Avvalroq BRT tarmog‘ini yana 15 ta ko‘chaga kengaytirish uchun $110 mln yo‘naltirilishi rejalashtirilgani ma’lum qilingandi. Shota Rustaveli ko‘chasidagi qariyb 7 km rekonstruksiya loyihasi qiymati $19,2 mlnni tashkil etgan. U yerda 10 ta harakat yo‘lagi, 21 ta bekat va 463 ta “aqlli” svetofor o‘rnatilgan. Natijada yo‘lovchi oqimi soatiga 2,5 mingdan 6 ming nafargacha oshgan.
2025-yil dekabr oyida Bank of China Toshkent yo‘l infratuzilmasini 2029-yilgacha modernizatsiya qilish uchun $271,1 mln ajratadi. Shundan $98,5 mln 57 km BRT yo‘laklarini barpo etishga yo‘naltiriladi. Loyiha doirasida $25,4 mlnlik yo‘l o‘tkazgich va $26,2 mlnlik yerosti tunnel qurilishi ham rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ