O‘zbekiston va Nvidia $3 mlnlik ta’lim markazini ishga tushiradi

Shuningdek, 1 MVt quvvatga ega qo‘shma hisoblash klasterini tashkil etish rejalashtirilgan

O‘zbekiston va Nvidia $3 mlnlik ta’lim markazini ishga tushiradi

O‘zbekiston sun’iy intellektni ta’lim tizimiga joriy etish hamda oliygohlar, sanoat va davlat sektori uchun sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Amerikaning protsessor ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasini jalb etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir Sherzod Shermatov mazkur masalalarni AQShda kompaniya rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida muhokama qildi.

Vazirlik 2026-yilga qadar umumiy hisobda 1 megavattgacha hisoblash quvvatiga ega bo‘lgan ikkita Sun’iy intellekt klasterining texnik asoslarini ishlab chiqish va baholashni rejalashtirmoqda. Klasterlardan biri ta’lim va ilmiy izlanishlarga, ikkinchisi esa raqamli hukumat, tibbiyot va sanoatdagi sun’iy intellekt loyihalariga yo‘naltiriladi. Ularning amalga oshirilishi alohida kelishuvlar va mavjud infratuzilma imkoniyatlariga bog‘liq bo‘ladi

O‘zbekiston, shuningdek, Sun’iy intellekt sohasida ilg‘or tajriba markazi (AI Excellence Center) tashkil etishni rejalashtirmoqda. U Nvidia texnologiyalari va ta’lim dasturlari asosida faoliyat yuritadi. Markaz o‘qituvchilarni tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi. 2026-yilda ishga tushirilishi kutilayotgan markazga taxminan $3 mln sarmoya kiritilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston hukumati 2026-yilda sanoat korxonalari, banklar hamda davlat tashkilotlarida qo‘shimcha NVIDIA AI infratuzilmasini joriy etish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Ushbu maqsadda taxminan 1 megavatt quvvat va zarur moliyaviy resurslarni ajratish ko‘zda tutilgan. Loyiha alohida kelishuvlar asosida amalga oshiriladi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalarini NVIDIA superkompyuter infratuzilmasi bilan ta’minlash bo‘yicha tashabbus ham ko‘rib chiqilmoqda. Loyiha uchun moliyaviy resurslar ajratilgan bo‘lib, xarid jarayoni 2025-yilning to‘rtinchi choragiga mo‘ljallangan.

Mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalari o‘quv dasturlariga sun’iy intellekt yo‘nalishlarini bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, NVIDIA Deep Learning Institute dasturlari asosida professor-o‘qituvchilarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish rejalashtirilgan.

Nvidia’dan birinchi kichkina klaster O‘zbekistonga keldi. Keyingi klaster uchun ham shartnoma imzoladik. Nvidia bilan nafaqat chip sotib olish, balki ilmiy yo‘nalishda hamkorlik qilish bo‘yicha ham kelishuv imzolayapmiz, — dedi vazir Sherzod Shermatov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.

U shuningdek, O‘zbekiston hamkorlikni yo‘lga qo‘yayotgan kompaniyalar — Juniper Networks, Datavolt, Super Micro va boshqalarni ham tilga oldi. Vazir ta’kidlashicha, sun’iy intellekt sohasidagi masalalarda ChatGPT, Gemini yoki Claude kabi platformalarda o‘zbek tilining mavjud bo‘lishi va to‘laqonli qo‘llanilishi muhim ahamiyatga ega.

Buning uchun ularga o‘zbek ma’lumotlarini data labeling, ya’ni tizimlashtirib berish kerak. U yerda Scale AI degan kompaniya bor. Scale AI hamma kompaniyalarga ma’lumotlarni tizimlashtirib beradi. Shuning uchun Scale AI bilan gaplashib, o‘zbek tilidagi ma’lumotlar berilgandan keyin ular tizimlashtirilib, global SI tizimlariga kiritiladi va ertaga barcha sun’iy intellekt platformalari ham o‘zbek tilini yaxshiroq tushunadigan, yaxshiroq gaplashadigan bo‘ladi, — dedi vazir.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Shavkat Mirziyoyev biznesga bosim o‘tkazayotgan jinoiy tuzilmalarni tugatishni topshirdi
/
Shavkat Mirziyoyev biznesga bosim o‘tkazayotgan jinoiy tuzilmalarni tugatishni topshirdi
Toshkent – Samarqand o‘rtasida yuqori tezlikdagi temir yo‘l ishga tushiriladi
/
Toshkent – Samarqand o‘rtasida yuqori tezlikdagi temir yo‘l ishga tushiriladi
O‘zbekistonda tengedan tashqari barcha xorijiy valyutalar tushib ketdi
/
O‘zbekistonda tengedan tashqari barcha xorijiy valyutalar tushib ketdi