O‘zbekistonda 5 grammlik oltin quyma narxi ilk bor 9,7 mln so‘m oshdi
Jahon bozorida esa narx $4,8 ming atrofida shakllanmoqda
22-yanvar kuni O‘zbekistonda o‘lchovli oltin quymalarning narxi tarixiy eng yuqori darajaga chiqdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bir gramm oltinning narxi 1 943 380 so‘mni tashkil etmoqda. Shunga mos ravishda, og‘irligi 5 gramm bo‘lgan oltin quyma 9 mln 717 ming so‘mga baholandi.
Markaziy bank quymalarning sotuv hamda qayta sotib olish narxlarini og‘irligiga qarab e’lon qildi. Xususan, 10 grammli quyma 19,43 mln so‘m, 20 grammli quyma 38,87 mln so‘m, 50 grammli quyma 97,17 mln so‘m, 100 grammli oltin quyma esa 194,34 mln so‘mga sotilmoqda. Qadoqlari buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan quymalar ekspertizadan so‘ng pastroq narxda qayta sotib olinadi.
Jahon bozorida ham oltin narxlari yuqori darajada saqlanib qolmoqda. 22-yanvar holatiga ko‘ra, oltinning global kotirovkalari bir troya unsiyasi uchun qariyb $4,8 ming atrofida shakllangan. Xabar e’lon qilingan paytda ham jahon bozorida oltinning narxi aynan shu darajada qayd etilgan.
Mutaxassislar oltin narxlarining keskin oshishini global iqtisodiy noaniqliklar va investorlarning xavfsiz aktivlarga bo‘lgan talabining ortishi bilan izohlamoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ