Markaziy bank: fintex-servislarda JShShIR va telefon raqamlarini tekshirish faqat yangi foydalanuvchilarga ta’sir qiladi
Ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha cheklovlar yaqin qarindoshlar nomiga rasmiylashtirilgan akkauntlarga ta’sir qilmaydi
Фото: Kapital.uz
22 apreldan boshlab O‘zbekistonda mobil telefon raqamlari va bank hisobvaraqlari egalarini majburiy identifikatsiya qilishni nazarda tutuvchi yangilangan kiberxavfsizlik talablari kuchga kiradi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish paytida ma’lumotlarning muvofiqligi tekshiriladi: telefon raqami, JSHSHIR va bank kartasi bir shaxs nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lishi kerak. Agar ma’lumotlar mos kelsa, mijoz xizmatlardan hech qanday cheklovlarsiz foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, Markaziy bank aniqlik kiritishicha, agar telefon raqami yaqin qarindoshlar — ota-ona, turmush o‘rtog‘i, aka-uka, opa-singil yoki farzandlar nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lsa ham, ilovalardan foydalanishga ruxsat beriladi.
Agar raqam yaqin qarindoshingiz nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, ilovadan foydalanishda davom etishingiz mumkin. Yaqinlar o‘rtasida bu tartib hech qanday muammo tug‘dirmaydi, — deyiladi xabarda.
Cheklovlar faqat telefon raqami yoki bank kartasi foydalanuvchiga aloqasi bo‘lmagan begona shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan hollarda yuzaga kelishi mumkin. Masalan, raqam mutlaqo begona odam nomida bo‘lsa yoki boshqa shaxsning bank kartasidan foydalanilayotgan bo‘lsa.
Markaziy bank yangi qoidalar asosan 22-apreldan keyin ro‘yxatdan o‘tadigan mijozlarga tegishli ekanini alohida ta’kidladi. Amaldagi foydalanuvchilar uchun ish tartibi o‘zgarishsiz qoladi.
Bu yangilik hamma uchun amal qiladimi? Yo‘q. Bu tartib asosan 22-apreldan keyin yangi ro‘yxatdan o‘tadiganlar uchun. Agar siz allaqachon ilovadan foydalanayotgan bo‘lsangiz — hammasi avvalgidek qoladi, — deyiladi izohda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ