O‘zbekistonda 5 gramm oltin quymasi narxi 9,4 mln so‘mdan oshdi
Bir sutkada oltin narxi 2,4% ga ko‘tarilib, yana rekord darajani qayd etdi
O‘zbekistonda 21-yanvar kuni o‘lchovli oltin quymalari narxi navbatdagi tarixiy maksimumni yangiladi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1 gramm oltin narxi 1,894 mln so‘mni tashkil etdi. Sutka davomida qimmatbaho metall qiymati 46 ming so‘mga yoki 2,4% ga oshdi.
Natijada 5 grammli oltin quymasi narxi 9,47 mln so‘mga yetdi. Shuningdek, 50 grammli quymaning qiymati 94,74 mln so‘mni, 100 grammli quymaning narxi esa 189,48 mln so‘mni tashkil qilmoqda. 2026-yil boshidan buyon oltin quymalari narxi jami 8,46% ga oshgan.
Markaziy bank oltinni qayta sotib olish narxlarini ham yangiladi. Xususan, qadoqlanmagan yoki texnik talablarga mos bo‘lmagan 100 grammli quymalar uchun 180,28 mln so‘m to‘lanadi. Agar qadoq buzilmagan bo‘lsa, bank 182,12 mln so‘m to‘lab beradi.
Goldprice ma’lumotlariga ko‘ra, jahon bozorida ham oltin narxlari o‘sishda davom etmoqda. Hozirda bir troya unsiya oltin $4 872 ga ($156,65/gramm) yetib, oxirgi bir oyda 6,3% ga, bir yil davomida esa 72,5% ga qimmatlashgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ