O‘zbekistonda 2030-yilgacha qiymati $100 mlnlik 25 ta startap amalga oshiriladi

Startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun soliq imtiyozlari, grantlar va ishlanmalarni qo‘shma moliyalashtirish tizimi joriy etiladi

O‘zbekistonda 2030-yilgacha qiymati $100 mlnlik 25 ta startap amalga oshiriladi

20-yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalarni rivojlantirish sohasida 2026-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar va erishilgan natijalar bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Mazkur yig‘ilish doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Oʻzbekiston 24 telekanaliga intervyu berib, mamlakatda startap-ekotizimni 2030-yilgacha rivojlantirish rejalari haqida ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, 2030-yilga qadar O‘zbekistondagi startaplar sonini hozirgi 750 tadan 5 mingtagacha yetkazish, kamida 20 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, bahosi $1 mlndan oshadigan 500 ta, $10 mlndan yuqori baholanadigan 100 ta hamda $100 mlndan ortiq qiymatga ega bo‘lgan 25 ta startapni shakllantirish maqsad qilingan.

Bu ko‘rsatkichlarga erishish uchun AQSh, Singapur, Janubiy Koreya va Buyuk Britaniya tajribasi asosida startaplarni qo‘llab-quvvatlashning to‘rt bosqichli tizimi joriy etiladi. U g‘oya, mahsulotni ishlab chiqish, bozorga chiqarish va kengaytirish (masshtablash) bosqichlarini qamrab oladi.

Шерзод Шерматов

Xususan, g‘oya bosqichida Janubiy Koreya tajribasi asosida $20 minggacha grantlar ajratish, ishlab chiqish bosqichida AQSh amaliyotiga muvofiq ish haqi bo‘yicha $250 minggacha soliq imtiyozlari berish hamda Janubiy Koreyada qo‘llaniladigan “1+1” tamoyili asosida ilmiy-tadqiqot va ishlanmalarga qo‘shimcha moliyalashtirish ko‘zda tutilgan. Buyuk Britaniya tajribasi asosida startaplarni davlat tashkilotlarida sinovdan o‘tkazish uchun $200 minggacha mablag‘ ajratish, AQShda amalda bo‘lganidek akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish uchun $50 minggacha grant berish rejalashtirilmoqda. Masshtablash bosqichida esa eksport xarajatlarining 50% igacha, biroq $50 mingdan oshmagan miqdorda kompensatsiya qilish mexanizmi joriy etiladi.

Xorijiy ekspertlar tadqiqotlariga ko‘ra, 2024–2025-yillarda O‘zbekiston startap va venchur ekotizimining umumiy qiymati $3,9 mlrdga yetgan. Mamlakatda 750 dan ortiq startap faoliyat yuritmoqda, 15 ta venchur fond mavjud bo‘lib, venchur kapital hajmi $180 mlndan oshgan. O‘zbekiston dunyoda startap-ekotizimi eng tez o‘sayotgan ikkinchi davlat sifatida e’tirof etilib, Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda.

Shuningdek, 2030-yilgacha xorijiy bozorlarga chiqqan startaplar sonini 200 taga yetkazish va venchur investitsiyalar hajmini $2 mlrdga olib chiqish ham rejalashtirilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistondagi 15 ta OTMda sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi
/
O‘zbekistondagi 15 ta OTMda sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi
2025-yil oxirida O‘zbekistonda sun’iy intellektdan foydalanish 6,3% ga yetdi
/
2025-yil oxirida O‘zbekistonda sun’iy intellektdan foydalanish 6,3% ga yetdi
ATTO orqali oylik to‘lovlar hajmi 105 mlrd so‘mdan oshdi
/
ATTO orqali oylik to‘lovlar hajmi 105 mlrd so‘mdan oshdi