O‘zbekiston 2030-yilgacha byurokratiya darajasini nolga tushirishni rejalashtirmoqda

Ma’muriy to‘siqlarga qarshi takliflarni rag‘batlantirish uchun $3 mln ajratiladi

O‘zbekiston 2030-yilgacha byurokratiya darajasini nolga tushirishni rejalashtirmoqda

Shavkat Mirziyoyev Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro forum doirasida byurokratiyani bartaraf etishga qaratilgan keng ko‘lamli dasturga start berdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Xalqaro forumda chiqish qilgan prezident O‘zbekistonda aholiga va biznesga ortiqcha tartib-taomillar hamda ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini ta’kidladi. U milliy davlat xizmatlari tizimini transformatsiya qilish va raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan tizimli islohotlar byurokratiyani sezilarli darajada kamaytirganini qayd etdi.

Agar 2017-yilda 444 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 1040 taga yetdi, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi esa 10 baravarga oshib, 55 mlndan oshdi. 90 dan ortiq xizmatlar proaktiv va kompozit shaklda taqdim etilmoqda.

Prezident byurokratiyani qisqartirish bo‘yicha alohida dastur tasdiqlanganini ma’lum qildi. Yakuniy maqsad — 2030-yilgacha O‘zbekistonni byurokratiyasi nol darajadagi davlatga aylantirish.

Dastur doirasida 2030-yilgacha quyidagi vazifalar belgilangan:

  • Davlat xizmatlari soni 1,5 mingga yetkaziladi, elektron xizmatlar ulushi 95% ga yetadi;
  • Qog‘oz hujjat almashinuvidan to‘liq voz kechiladi. Mavjud 40 mln hujjatdan 25 mln tasi raqamlashtiriladi, shundan 5 mln — kelgusi yilda;
  • Proaktiv va kompozit xizmatlar soni 400 taga yetkaziladi;
  • Takroriy va ortiqcha talablar bekor qilinadi, litsenziyalash, ruxsat berish va injenerlik tarmoqlariga ulanish bo‘yicha 300 dan ortiq tartib-taomillar soddalashtiriladi. 100 dan ortiq xizmatlarning ko‘rsatish muddati 50% ga qisqartiriladi, 110 dan ziyod hujjatlarni taqdim etish talabi butunlay bekor qilinadi;
  • Yagona davlat xizmatlari portali, “Litsenziya” tizimi, bojxonaning “Yagona darcha” platformasi va call-markazlar sun’iy intellekt asosida ishlaydi.

Dastur ijrosini doimiy monitoring qilish va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida maxsus Dastur ofisi tashkil etiladi. Har yili vazirlik va idoralar faoliyati maxsus raqamli platforma orqali baholanadi. Yuqori natijalarga erishgan tashkilot va xodimlar rag‘batlantiriladi.

Shuningdek, $3 mln miqdorida mukofot jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu mablag‘ hisobidan byurokratiyani qisqartirish bo‘yicha samarali yechim taklif qilgan fuqarolar, biznes vakillari va davlat xizmatchilari mukofotlanadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda intellektual mulkni himoya qilish portali ishga tushiriladi
/
O‘zbekistonda intellektual mulkni himoya qilish portali ishga tushiriladi
O‘zbekistonda 1-dekabrdan nimalar o‘zgaradi?
/
O‘zbekistonda 1-dekabrdan nimalar o‘zgaradi?
AQShning Kremniy vodiysida O‘zbekistonning Milliy transfer ofisini ochiladi
/
AQShning Kremniy vodiysida O‘zbekistonning Milliy transfer ofisini ochiladi