2026-yildan IT-Park kompaniyalari $500 minggacha xorijiy xizmatlarga to‘lov qilishi mumkin
Tartibga ko‘ra, to‘lovlar korporativ kartalar orqali amalga oshiriladi va hukumat komissiyasi tasdiqlagan platformalarga nisbatan qo‘llanadi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Shavkat Mirziyoyev 16-sentabr kuni hududlarda, sohalar va iqtisodiyot tarmoqlarida raqamli texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish choralari haqidagi qarorni imzoladi.
Hujjatda texnologik sanoatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator choralar nazarda tutilgan. Jumladan, 1-noyabrdan boshlab “Raqamli startaplar” dasturi yoki Markaziy bankning “qumloq maydoncha” (sandbox) loyihasida ishtirok etayotgan subyektlar bir yilgacha “Raqamli hukumat” tizimi ma’lumotlar platformasidan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
IT Park rezident kompaniyalari xorijiy mutaxassislari esa O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonasi orqali PINFL (shaxsiy identifikatsiya raqami)ni rasmiylashtirgach, mahalliy banklarda masofadan turib hisob raqamlari va virtual kartalar ochish huquqiga ega bo‘ladi.
2026-yil 1-yanvardan IT-park rezidentlari korporativ kartalar orqali eksport tushumlari doirasida xorijiy platformalardagi reklama xizmatlari va chet elda ishlab chiqilgan dasturiy ta’minot uchun obunalarni to‘lashi mumkin bo‘ladi. Yillik to‘lovlarning maksimal summasi — $500 mingni tashkil qiladi.
Bunda reklama faqat 100 mlndan ortiq foydalanuvchiga ega saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda joylashtirilishi kerak. Yangi tartib amal qiladigan platformalarning aniq ro‘yxatini Investitsiyalar bo‘yicha hukumat komissiyasi tasdiqlaydi.
Reklama va dasturiy ta’minot obunalari bo‘yicha to‘lov ma’lumotlari, shuningdek, ommaviy oferta va invoyslar tashqi savdo tizimi — E-contractga kiritiladi. Shu bilan birga, summasi $5 minggacha bo‘lgan to‘lovlar bundan mustasno hisoblanadi va ular debitorlik qarzi sifatida qayd etilmaydi.
Bundan tashqari, kompaniyalar o‘zlari ishlab chiqqan dasturiy mahsulotlarga xorijdan obuna bo‘yicha to‘lovlarni ommaviy oferta orqali, E-contractga kiritmasdan qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ