2026-yildan davlat xaridlarida bozor narxini aniqlovchi sun’iy intellekt moduli ishga tushiriladi
Shuningdek, “Davlat xaridlarida nazorat” sahifasi orqali xavf-xatarlar toifalarga ajratilib avtomatik aniqlanadi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
“Davlat xaridlari tizimida raqobat muhiti va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida davlat xaridi predmetining o‘rtacha bozor narxini sun’iy intellekt texnologiyalari asosida hisoblab beruvchi elektron modul ishga tushiriladi.
2026-yil 1-yanvardan davlat xaridlarida raqobatli usul orqali ayrim turdagi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilishning “taklif so‘rovi” yangi tartib-taomili joriy etiladi.
Bundan tashqari:
- to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxati bekor qilinib, mazkur ro‘yxat bo‘yicha davlat xaridlari raqobatli usullardan foydalangan holda amalga oshiriladi;
- “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat berish haqidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda davlat xaridi ijrochisining nomi aniq ko‘rsatiladi;
- davlat xaridlarida elektron do‘konga ofertalarni joylashtirish muddati 15 kundan 60 kungacha uzaytiriladi hamda tovarlarni yetkazib berish muddati kamida 5 kun etib belgilanadi;
- Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazida xarid hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish muddatlari ularning qiymati va murakkabligidan kelib chiqib qisqartiriladi.
Shuningdek, davlat buyurtmachilarining xarid rejalari e’lon qilingandan keyin ushbu ma’lumotlar avtomatik ravishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga elektron xabarnoma tarzida yuboriladi. Byudjet buyurtmachilari hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan mahalliy auksion savdolarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksionda 1 ta tadbirkor ishtirok etgan taqdirda, auksion o‘tkazilgan deb hisoblanadi.
2026-yil 1-iyuldan quyidagilar joriy etiladi:
- davlat xaridlariga oid takliflarni davlat xaridlari elektron tizimi orqali faqat elektron shaklda baholash;
- davlat buyurtmachilari tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) qabul qiluvchi shaxslarga ishonchnomalarni davlat xaridlari elektron tizimi orqali elektron ko‘rinishda rasmiylashtirish.
Davlat xaridlarida nazoratni kuchaytirish maqsadida maxsus “Davlat xaridlarida nazorat” sahifasi joriy etilib, u orqali xaridlar sohasida huquqbuzarliklar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarning yagona tasnifi shakllantiriladi, xavf-xatarlar toifalarga ajratilib avtomatik aniqlanadi va bu haqda ogohlantirishlar beriladi, davlat buyurtmachilari sodir etgan huquqbuzarliklariga qarab baholanadi hamda xaridlar jarayonidagi asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlarini aks ettiruvchi “Xaridlarda KPI” raqamli reyting joriy qilinadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ