Senatorlar tomonidan 2025-yilgi Davlat byudjeti tasdiqlandi
Rejaga ko‘ra, Davlat budjetining xarajatlari 344,8 trln so‘mni tashkil etmoqda
Bugun, 18-dekabr kuni Senatning ikkinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining 2025-yilgi Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqida Senat o‘z rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Senatorlar tomonidan “2025-yilgi Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun aholi farovonligini oshirish, kambag‘allikni kamaytirish, ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada oshirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgani ta’kidlandi. Qonunga muvofiq, 2025-yilda inflyatsiya darajasi iqtisodiy sharoitlarni hisobga olgan holda 7% darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Jumladan, Qonunda byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3% dan ortiq oshirmaslik vazifasidan kelib chiqib, 2025-yilda jamlanma byudjet daromadlarini 431,0 trln soʻm, xarajatlarini esa 480,5 trln soʻm miqdorida shakllantirish belgilangan.
Davlat budjetining daromadlari 308,5 triln so‘mni, xarajatlari esa 344,8 trln so‘mni tashkil etadi. Davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari va xarajatlari 66,4 trln so‘m va 62,8 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan.
Qonunda kelgusi yil Davlat byudjeti xarajatlarining 52% i yoki 177,7 trln soʻm ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilgan.
Qonunda 2025-yilgi Davlat byudjeti xarajatlarida atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish chora-tadbirlari uchun 3,6 trln so‘m, sog‘liqni saqlash sohasiga 41,3 trln so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan. Bu 2024-yilda kutilayotgan ijroga nisbatan 19,8% ga ko‘p hisoblanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 2025-yildagi qarorlarida hududlardagi dolzarb ijtimoiy muammolarni hal etish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash va davlat ahamiyatiga molik tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan tadbirlarga mablag‘lar ajratilishi belgilangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ