O‘zbekistonliklar 2025-yilda banklardan 660 kgdan ortiq oltin quymalarini sotib oldi
Qimmatbaho metallga talab so‘nggi besh yildagi umumiy ko‘rsatkichlardan ham yuqori bo‘ldi
Фото: РИА
2025-yilda O‘zbekiston aholisi tijorat banklari orqali 33,9 mingdan ortiq oltin quymalarini xarid qilib, ularning umumiy og‘irligi 661 kgni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yilda oltin quymalariga bo‘lgan talab keskin oshgan. 2025-yil yakunlari bo‘yicha sotilgan oltin hajmi 2020–2024-yillar davomida realizatsiya qilingan umumiy ko‘rsatkichlardan 102 kgga ko‘p bo‘lgan.
Umuman olganda, 2020-yil noyabridan 2025-yil oxirigacha banklar tomonidan aholiga 65,1 ming dona oltin quyma sotilgan bo‘lib, ularning umumiy og‘irligi 1,2 tonnaga yetgan. Shu davrda oltin bilan ishlovchi banklar soni 12 tadan 19 taga, savdo nuqtalari esa 34 tadan 170 tagacha oshgan.
Eng katta talab 5 va 10 grammli quymalarga to‘g‘ri kelib, ular umumiy savdolarning 60%dan ortig‘ini tashkil etgan. Shuningdek, 100 grammli yirik quymalar ham muomalaga kiritilgan.
Qayta sotib olish mexanizmi ham faol ishlamoqda. So‘nggi besh yil ichida banklar aholiden 11,8 ming dona oltin quyma (201 kg)ni qayta xarid qilgan. Mahsulotlar maxsus qadoqda, QR-kod, seriya raqami va himoya belgilariga ega holda chiqariladi.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, raqamlashtirish jarayonlari oltin bilan operatsiyalarni yanada qulaylashtirgan. Endilikda fuqarolar oltinni mobil ilovalar orqali sotib olish, sotish va saqlash imkoniyatiga ega. Shuningdek, 0,1 grammgacha bo‘lgan ulushlarda metall sotib olish imkonini beruvchi elektron metall hisobvaraqlari joriy etilgan.
Regulyator ushbu ma’lumotlar tahliliy xarakterga ega ekanini va investitsiya tavsiyasi hisoblanmasligini alohida qayd etgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ