2025-yilda O‘zbekiston mehnat bozorida ish beruvchilar faolligi 17% ga oshdi
Tahlillarga ko'ra, yil davomida 127 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni e’lon qilingan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Head Hunter (hh.uz) platformasining 2025-yil yakunlari bo‘yicha tahliliga ko‘ra, O‘zbekiston mehnat bozorida ish beruvchilar faolligi barqaror o‘sishni namoyon etdi. Yil davomida platformada 127 mingdan ortiq faol vakant ish o‘rinlari joylashtirildi. Bu 2024-yilga nisbatan 17,3% ga ko‘pdir.
Eng katta ish o‘rinlari ulushi Toshkent shahriga to‘g‘ri keldi — poytaxtda yil davomida 104,8 mingdan ortiq vakant lavozim e’lon qilindi. Shu bilan birga, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Buxoro va Namangan viloyatlarida ham ish beruvchilar faolligi sezilarli darajada oshgani qayd etildi.
Eng ko‘p talab kuzatilgan sohalar qatoriga savdo va mijozlarga xizmat ko‘rsatish, marketing va reklama, IT, turizm, moliya va buxgalteriya, shuningdek, qurilish va ko‘chmas mulk yo‘nalishlari kirdi. Ayrim nisbatan kichik segmentlarda — sug‘urta, xavfsizlik va yuqori menejmentda — vakant ish o‘rinlari eng tez o‘sdi.
2025-yilda O‘zbekiston bo‘yicha taklif etilgan o‘rtacha (median) oylik ish haqi 5,3 mln so‘mni tashkil etdi. Hududlar kesimida eng yuqori ish haqi Toshkent va Samarqandda qayd etildi. Shu bilan birga, ayrim sohalarda ish haqi o‘sishi bilan bir qatorda pasayish holatlari ham kuzatildi.
Yil davomida ish izlovchilar faolligi ham yuqori bo‘lib, platformada 957 mingdan ortiq faol rezyume joylashtirildi. Mehnat bozoridagi raqobat indeksi 7,5 darajasida shakllanib, bu ish beruvchilar va nomzodlar o‘rtasida nisbatan muvozanatli holat saqlanib qolganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar fikricha, 2025-yil yakunlari O‘zbekiston mehnat bozorining kengayayotganini, hududlar o‘rtasidagi tafovutlar asta-sekin qisqarayotganini va kadrlar uchun raqobat yanada sifatli bosqichga o‘tayotganini ko‘rsatmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ