2025-yilda aholining valyuta taklifi talabdan $9,7 mlrdga ortiqroq bo‘ldi
Banklarga valyuta sotishidagi asosiy manba xalqaro pul o‘tkazmalari hisobiga to'g'ri keladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2025-yil davomida O‘zbekistonda yuridik shaxslar tomonidan chet el valyutasiga bo‘lgan talab 2024-yilga nisbatan 24% ga oshdi. Shu bilan birga, valyuta taklifi hajmi 36% ga ko‘paydi. Bu haqda Markaziy bankning ichki valyuta bozori bo‘yicha sharhida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, eksport tushumlari hisobidan shakllangan valyuta taklifi 18 % ga oshib, $18 mlrdni tashkil etdi. Ushbu mablag‘larning $9,8 mlrd yoki 40% i ichki bozorda sotilgan. Bu 2024-yilga nisbatan $1,6 mlrdga ko‘p.
Bundan tashqari, 2025-yilda banklar xorijiy kreditlar hisobidan ichki bozorga $9,7 mlrd valyuta chiqardi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 69% ga oshgan.
Importni moliyalashtirish manbalari tarkibida ichki bozordan sotib olingan valyutaning ulushi 63,7% ni tashkil etdi. Xorijiy valyutadagi o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan import ulushi esa 24% bo‘ldi.
Sotib olingan xorijiy valyutaning asosiy qismi quyidagi yo‘nalishlarga sarflangan:
- 50% — ishlab chiqarish uskunalari, xomashyo va tovarlar importi;
- 28% — xorijiy kreditlarni so‘ndirish;
- 17% — iste’mol tovarlari va dori-darmonlar importi;
- 2% — investorlar daromadlarini repatriatsiya qilish;
- 3% — boshqa maqsadlar.
Aholining valyuta operatsiyalari ham oshdi
2025-yilda aholi tomonidan banklarga $21,7 mlrd sotildi. Bu 2024-yilga nisbatan 1,4 barobar ko‘pdir. Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan $12 mlrd sotib olingan bo‘lib, bu 27% lik o‘sishni tashkil etdi.
Natijada, aholining valyuta taklifi unga bo‘lgan talabdan $9,7 mlrdga ortiq bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich ham o‘tgan yilga nisbatan 1,4 barobar oshgan.
Pul o‘tkazmalari asosiy manba bo‘lib qoldi
Aholining banklarga valyuta sotishidagi asosiy manba xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘ldi. 2025-yilda ushbu yo‘nalish orqali mamlakatga 18,9 mlrd dollar kelib tushdi. Bu 2024-yilga nisbatan 28% yoki $4,1 mlrdga ko‘pdir.
Shu bilan birga, xorijga yo‘naltirilgan pul o‘tkazmalari hajmi $2,6 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan $138 mlnga kamaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ