O‘zbekistonda banklarning sof daromadi bir yilda 57% ga oshdi
Foizli daromadlar 115,8 trln so‘mga yetgan bo'lsa, foizli xarajatlar 81,2 trln so‘mni tashkil etdi
2025-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston bank tizimining daromadlilik ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilandi. Markaziy bank ma’lumotlari asosida o‘tkazilgan tahlilga ko‘ra, banklarning umumiy sof foydasi bir yil ichida 57% dan ortiq o‘sdi.
Foizli daromadlar 2024-yil 1-dekabr holatidagi 101 trln so‘mdan 2025-yilda 115,8 trln so‘mga yetib, 14,6% ga oshdi. Shu bilan birga, foizli xarajatlar ham ko‘payib, 81,2 trln so‘mni tashkil etdi. Natijada foizli marja 30,3 trln so‘mdan 34,6 trln so‘mga yetdi.
Foizsiz daromadlar keskin oshib, 47,2 trln so‘mdan 59,8 trln so‘mga ko‘tarildi. Operatsion xarajatlar ham o‘sdi, biroq daromadlar o‘sish sur’ati xarajatlardan yuqori bo‘ldi.
Kredit va lizing operatsiyalari bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlar uchun ajratmalar 19,7 trln so‘mdan 21,7 trln so‘mga yetdi. Shunga qaramay, bank tizimining soliq to‘langunga qadar sof foydasi 11,1 trln so‘mdan 16,1 trln so‘mga oshdi.
Foyda solig‘i to‘langanidan so‘ng, bank tizimining sof foydasi 2024-yildagi 8,6 trln so‘mdan 2025-yilda 13,5 trln so‘mga yetdi.
Shuningdek, bank tizimining asosiy rentabellik ko‘rsatkichlari ham yaxshilandi. Aktivlar rentabelligi (ROA) va kapital rentabelligi (ROE) o‘sish dinamikasini saqlab qoldi, bu esa bank sektorining barqarorligi mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Tahlil natijalari bank tizimida foizli daromadlar, sof foyda va umumiy moliyaviy samaradorlik 2025-yilda ijobiy trendda rivojlanganini ko‘rsatmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ