2025-yilda O‘zbekistonda 427 mingdan ortiq avtomobil sotildi
Bozorning qariyb yarmi UzAuto Motors hissasiga to‘g‘ri kelib, modellar kesimida 128 mingdan ortiq Cobalt sotilgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2025-yil yanvar–dekabr oylarida O‘zbekistonda jami 427 097 dona yengil avtomobil realizatsiya qilindi.
Sotuv hajmi bo‘yicha eng katta ulush UzAuto Motors hissasiga to‘g‘ri kelib, kompaniya tomonidan 209 163 dona avtomobil sotildi. Bu umumiy realizatsiyaning qariyb 49%ini tashkil etdi. Ikkinchi o‘rinda 146 216 dona avtomobil bilan Khorezm Auto qayd etildi. ADM Jizzakh tomonidan 46 117 dona avtomobil realizatsiya qilingan.
Shuningdek, BYD Uzbekistan Factory 23 888 dona avtomobil sotgan. Asaka Motors ko‘rsatkichi 1 197 donani, SamAuto 437 donani, Alyans Auto esa 79 donani tashkil etdi.
Modellar kesimida eng yuqori savdo hajmi Cobalt avtomobiliga to‘g‘ri kelib, yil davomida 128 541 dona sotildi. Ikkinchi o‘rinda 108 846 dona bilan Damas, uchinchi o‘rinda esa 45 429 dona ko‘rsatkich bilan Tracker qayd etildi. Shuningdek, Labo (37 370 dona), Onix (33 016 dona) va Lacetti (19 632 dona) modellari ham eng ko‘p sotilgan avtomobillar qatoridan joy oldi.
Xitoy brendlari orasida BYD Chazor Champion (5 087 dona), Song Plus DM-i Champion (7 305 dona) va Yuan UP (6 242 dona) modellari savdoda yetakchi bo‘ldi. Kia, Chery va Hyundai modellariga bo‘lgan talab ham saqlanib qoldi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ