Yil boshidan buyon Oʻzbekistonga $640,7 mlnlik yengil avtomobil import qilindi
Jami 42,2 mingta mashinadan 28,9 mingdan ortig‘i elektromobil hisssasiga to‘g‘ri keladi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Joriy yil yanvar–avgust oylarida Oʻzbekistonga umumiy qiymati $640,7 mlnlik 42,2 ming dona yengil avtomobil import qilindi. Taqqoslash uchun, oʻtgan yil mos davrida $911,5 mlnlik 47,9 mingta mashina olib kirilgan.
Bojxona qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, sakkiz oyda jami qiymati $358,8 mlnlik 28,9 mingdan ortiq elektromobil import qilingan. Bu koʻrsatkich 2024-yil mos davrida 12,9 mingta boʻlgan. Yaʼni yillik oʻsish ikki karradan koʻproq.
Biroq benzinli va gibrid avtomobillar importi keskin pasayganini koʻrish mumkin. Hisobot davrida xorijdan $233,6 mlnga benzinda harakatlanuvchi 11,16 mingta avtomobil olib kelingan. 2024-yilning sakkiz oyida esa $541,1 mlnga 25 ming dona shunday mashinalar importi amalga oshirilgan. Bunda importdagi yillik qisqarish ikki baravardan ortiqni tashkil etgan.
Joriy yil sentabrgacha $46 mlnga 2 ming dona gibrid avtomobil import qilingan. 2024-yil mos davrida chet eldan $199,3 mlnlik 10 mingtadan ortiq gibridlar xarid qilingandi. Bunda qisqarish besh baravardan yuqori boʻlgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ