O‘zbekistonning tashqi qarzi 2024-yilda rekord darajaga — $10,8 mlrdga oshdi
Xususan, davlat tashqi qarzi $33,9 mlrdni tashkil qilmoqda

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2024-yilda O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi $64,1 mlrdga yoki YIMning 55,7% ga o‘sdi (2023-yil yakuniga ko‘ra 51,9% ni tashkil etgan). Bu Markaziy bankning o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha hisobotidan kelib chiqadi.
Tashqi qarz davlat qarzi va xususiy qarzlardan iborat hisoblanadi. “Xususiy” sektorda qayd etilganlar orasida asosan davlat ulushdor bo‘lgan kompaniyalar va banklar bor (davlat bank sektorining 68% ga yaqin ulushiga egalik qiladi, shuningdek, 2019−2021-yillarda jami milliardlab dollarlik qarz qog‘ozlarini muomalaga chiqargan UzAuto Motors va “O‘zbekneftgaz”, O‘zbekiston Milliy banki, “O‘zsanoatqurilishbank” kabi tashkilotlar egasi yoki ulushdorlaridan biri hisoblanadi).
Yil davomida umumiy tashqi qarz $10,8 mlrdga oshgan. Bu statistika yuritila boshlangan 2013-yildan buyon eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi hisoblanadi. So‘nggi marta mamlakatning tashqi qarzi yuqori sur’atlarda pandemiya davridagi 2020-yilda ($9,2 mlrd) va 2023-yilda ($9,8 mlrd) oshgandi.
Korporativ (xususiy) qarzlar $4,2 mlrdga oshib, $30,2 mlrdni (YIMga nisbatan 26,2%), davlat tashqi qarzi esa $6,6 mlrdga oshib, $33,9 mlrdni (YIMga nisbatan 29,5%) tashkil etdi.
Sakkiz yil davomida mamlakatning tashqi qarzi 4,4 baravarga — $14,7 mlrddan $64,1 mlrdga oshgan. 2016-yildan buyon xususiy qarz ($8,2 mlrd) 3,9 barobar, davlat qarzi ($6,5 mlrd) esa 5,2 barobarga oshgan.
So‘nggi yillarda davlat tashqi qarzining o‘sish sur’ati biroz pasaydi, biroq korporativ (xususiy) qarzlarning keskin o‘sishi kuzatilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ