O‘zbekistonda 2018-yildan buyon 38 ming xonadondan iborat noqonuniy uy-joylar aniqlangan
Qurilish vaziri ularni noqonuniy deb topish mezonlari va ko‘rilayotgan choralarni ma’lum qildi
Foto: Qurilish vazirligi
O‘zbekistonda 38 ming xonadon miqyosida noqonuniy qurilgan uy-joylar aniqlangan. Bu haqda 17 dekabr kuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Xidoyatov tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot chog‘ida ma’lum qildi.
2018–2019 yillardan buyon hozirgi kungacha O‘zbekistonda 38 ming xonadon hajmida noqonuniy uy-joylar qurilgan, — dedi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, uy-joylar quyidagi mezonlar asosida noqonuniy deb topilgan:
- yer uchastkasiga ruxsatnoma yoki hokim qarorisiz qurilish olib borilgani;
- loyiha Arxitektura-shaharsozlik kengashida ko‘rib chiqilmagani;
- obyekt xavfsizligini belgilovchi davlat ekspertizasidan o‘tilmagani;
- Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagani.
Vazirning ta’kidlashicha, 38 ming xonadondan iborat noqonuniy qurilishlar bo‘yicha maxsus ishchi guruh tashkil etilgan. Uning a’zolari joylarga chiqib, obyektlarning seysmik barqarorligini baholamoqda. Shundan so‘ng loyiha institutlari tajribali konstruktorlar bilan hamkorlikda texnik tekshiruv — instrumental tahlil o‘tkazadi. Keyingi bosqichda boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, zarur hujjatlar rasmiylashtiriladi hamda aniqlangan qoidabuzarliklar uchun jarimalar belgilanadi.
Shuningdek, vazir 38 ming xonadon allaqachon foydalanishga topshirilgan hamda hali qurilishi davom etayotgan uylar tarkibida joylashganini aniqlashtirdi. Ushbu obyektlarni qabul qilish masalasi prezident topshirig‘iga binoan tuzilgan maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Bu uy-joylarning katta qismi allaqachon aholiga sotilgani ham ma’lum qilindi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ