O‘zbekistondagi 15 ta OTMda sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi

2030-yilgacha venchur investitsiyalar hajmini $2 mlrdga yetkazish va startap-ekotizimni kengaytirish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistondagi 15 ta OTMda sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha erishilgan natijalar hamda yaqin yillarga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2024–2025-yillarda mamlakatdagi startap va venchur muhitining umumiy bozor bahosi $3,9 mlrdni tashkil etdi. Hozirda respublikada 750 dan ortiq startap va 15 ta ixtisoslashgan venchur fond faoliyat yuritmoqda, ularning jami kapitali $180 mln dan oshgan. O‘zbekiston startap-ekotizimi o‘sish sur’atlari bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi, dunyo miqyosida esa ikkinchi o‘rinni egallab kelmoqda.

2030-yilgacha startaplar sonini 5 mingtagacha yetkazish, shundan kamida 200 tasini xalqaro bozorlarga olib chiqish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, jalb qilinadigan venchur investitsiyalar hajmi $2 mlrdga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu maqsadga erishish uchun startaplarni g‘oyadan boshlab masshtablashgacha bo‘lgan to‘rt bosqichda qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etilib, soliq imtiyozlari, grantlar va eksport xarajatlarini qoplash mexanizmlari tatbiq etiladi.

Davlat xizmatlari sohasida raqamlashtirish jadal davom ettiriladi. Xususan, raqamli xizmatlar soni 900 taga yetkaziladi, MyGov.uz platformasining imkoniyatlari kengaytiriladi va sun’iy intellekt texnologiyalari 50 dan ortiq xizmat turlariga joriy qilinadi. Yagona aholi reyestrini yaratish, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan xodimlarni ishga olish, bank kartalari, sug‘urta va SIM-kartalarni rasmiylashtirish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, mamlakatda yirik superkompyuterni ishga tushirish ishlari faollashtirilgan. Kadrlar tayyorlash va mahalliy dasturiy yechimlarni ishlab chiqish maqsadida 15 ta oliy ta’lim muassasasi negizida sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi. Ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash uchun hududiy data-markazlar tarmog‘i ham kengaytiriladi.

Telekommunikatsiya sohasida esa 2026-yildan boshlab 5G texnologiyasini joriy etish, yuqori tezlikdagi internet qamrovini kengaytirish va sun’iy yo‘ldosh aloqa imkoniyatlaridan faol foydalanish ustuvor vazifa etib belgilandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda 2030-yilgacha qiymati $100 mlnlik 25 ta startap amalga oshiriladi
/
O‘zbekistonda 2030-yilgacha qiymati $100 mlnlik 25 ta startap amalga oshiriladi
2025-yil oxirida O‘zbekistonda sun’iy intellektdan foydalanish 6,3% ga yetdi
/
2025-yil oxirida O‘zbekistonda sun’iy intellektdan foydalanish 6,3% ga yetdi
ATTO orqali oylik to‘lovlar hajmi 105 mlrd so‘mdan oshdi
/
ATTO orqali oylik to‘lovlar hajmi 105 mlrd so‘mdan oshdi