O‘zbekistonga 11 oyda 10,7 mln nafar chet ellik turist tashrif buyurdi
Eng ko‘p sayyohlar kelgan davlat Qirg‘iziston bo‘lib, qariyb 3 mln kishi mamlakatga kirgan
Фото: Uzbekistan Airports
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonga turistik maqsadlarda 10,7 mln nafar xorijiy fuqaro kelgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning shu davriga nisbatan 3,5 mln kishiga yoki 47,4% ga ko‘p bo‘lib, mutlaq rekordni yangiladi.
Eng ko‘p sayyohlar kelgan davlatlar reytingida, avvalgidek, Qirg‘iziston birinchi o‘rinni egalladi. 11 oy davomida ushbu mamlakatdan qariyb 3 mln kishi O‘zbekistonga tashrif buyurgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 41,5% ga ko‘p.
Ikkinchi o‘rinda Qozog‘iston qayd etildi — 2,5 mln safar, yillik o‘sish 80% dan oshdi. Uchinchi o‘rinni esa Tojikiston egallab, mamlakatdan taxminan 2,5 mln sayyoh kelgan (+19%).
Rossiyadan O‘zbekistonga hordiq chiqarish maqsadida 923,8 ming kishi tashrif buyurdi, bu 24,6% lik o‘sishni anglatadi. Afg‘onistondan kelgan sayyohlar soni 429,4 ming nafarga yetib, bir yil ichida 11 barobar oshdi. Shuningdek, Turkmanistondan 341,4 ming nafar fuqaro kelgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar ko‘p.
Uzoq xorij davlatlari orasida yetakchi Xitoy bo‘ldi — 250,5 ming tashrif. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida vizasiz rejim joriy etilgach, sayohatlar soni 3,7 baravar oshgan.
Turkiya fuqarolari O‘zbekistonga 161,9 ming marta tashrif buyurdi (1,5 baravar ko‘p). Shuningdek, Hindiston (73,4 ming kishi, +15,8%) va Janubiy Koreya (44,1 ming safar, +13%) ham eng ko‘p sayyoh yuborgan davlatlar o‘ntaligiga kirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ