O‘zbekistonda eksportchilar uchun “100 mahsulot akseleratori” dasturi ishga tushirildi
Bu orqali tadbirkorlarga mahsulotlarni global bozorlarga chiqarish va xalqaro standartlarga moslashtirishda ko‘mak beriladi
Фото: пресс-служба МИПТ
Toshkentda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga eksportni kengaytirishda kompleks yordam ko‘rsatishga qaratilgan “100 mahsulot akseleratori” dasturi rasman ishga tushirildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha 2026-yil 7-aprel kuni vazir o‘rinbosari Ilzat Qosimov ishtirokida taqdim etildi. Dastur doirasida Xitoyning Chinastone Industrial Service Group kompaniyasi strategik hamkor sifatida jalb qilingan.
Dasturga qo‘shilgan tadbirkorlar mahsulotlarini xorijiy bozorlarga olib chiqish uchun keng ko‘lamli xizmatlardan foydalanishi mumkin. Jumladan, mahsulotlarni tahlil qilish, xalqaro sertifikatlar olish, logistika zanjirlarini yo‘lga qo‘yish hamda sifatni global talablarga moslashtirish bo‘yicha ko‘mak beriladi.
Shuningdek, loyiha doirasida raqamli yechimlarni joriy etish va mahsulotlarni Jingdong hamda Alibaba kabi yirik onlayn savdo platformalariga joylashtirish rejalashtirilgan. Bu orqali AQSh, Yevropa va Xitoy bozorlariga chiqish imkoniyati kengayadi.
Taqdimot marosimida xalqaro ekspertlar ham ishtirok etdi. Tadbir davomida o‘zbekistonlik tadbirkorlar Xitoy investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Mazkur tashabbus “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasidagi chora-tadbirlar rejasining bir qismi hisoblanadi. Uning asosiy maqsadi Afrika, Yaqin Sharq, Janubi-Sharqiy Osiyo va Yevropa bozorlariga eksport hajmini oshirishdan iborat.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ