O‘zbekistonda 1-oktabrdan nimalar o‘zgaradi
Xususan, “chiroyli” davlat raqami belgilarining auksion savdolari to‘xtatiladi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Kapital.uz O‘zbekistonda 1-oktabrdan kuchga kiradigan shu va boshqa qonunchilik o‘zgarishlarni bir yerga jamladi.
O‘qituvchilar uchun mukofot puli oshadi
Umumta’lim muassasalari xodimlari, shu jumladan, rahbar xodimlari faqat 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan jamg‘armaning mavjud mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 75% igacha miqdorida (866 ming so‘m) mukofotlanadi. Ilgari o‘qituvchilar 577 ming so‘m miqdorida mukofot olishgan.
Skuter va moped haydash uchun haydovchilik guvohnomasi majburiy bo‘ladi
Endilikda moped va skuter haydovchilari uchun yangi qoida kuchga kiradi — ularni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab etiladi. Skuter yoki mopedni ro‘yxatdan o‘tkazish narxi 3,7 BHM (1 525 400 so‘m) qilib belgilangan. O‘quv kurslari esa 2 mln so‘mgacha. Guvohnoma olish uchun davlat boji — 288 400 so‘mni tashkil qiladi. Raqam olish BHMning 1,5 baravari — 618 ming so‘m. Bunda umumiy xarajat deyarli 4,5 mln so‘mdan oshmoqda.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun pensiyalar avtomatik tarzda tayinlanadi
1-oktabrdan boshlab Xalq bankida pensiyalarni naqd shaklda berishda Face-ID biometrik identifikatsiya va elektron raqamli imzolardan foydalaniladi. To‘lov oluvchilar to‘lov qaydnomalarini planshetda elektron shaklda imzolashlari mumkin bo‘ladi. Adliya vazirligi Pensiya jamg‘armasi va Xalq bankining elektron so‘roviga ko‘ra biometrik identifikatsiyalash uchun ma’lumotlarni taqdim etadi.
Davlat xizmatchilarining xizmat safarlari yagona tizim orqali yuritiladi
Qonunchilikka ko‘ra, davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish, hisobini yuritish va tahlilini olib borish “hrm.argos.uz” elektron tizimi tarkibidagi “Xizmat safari” yagona moduli orqali amalga oshiriladi.
“Chiroyli” davlat raqami belgilarining auksion savdolari to‘xtatiladi
Vazirlar Mahkamasining 4 sentabrdagi qaroriga muvofiq, “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” 2025-yil 1-oktabrdan boshlab “chiroyli” davlat raqami belgilarining auksion savdolarini to‘xtatadi.
Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi
Vazirlar Mahkamasining 11-mart kungi qarori bilan Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish tartibi tasdiqlangan edi. Qarorga ko‘ra, 2025-yilning 1-oktabridan jamg‘arma mablag‘lari hisobidan fuqarolarga naqd pul shaklida beriladigan mablag‘lar bosqichma-bosqich ijtimoiy karta orqali taqdim etiladi.
Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi ayrim moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘radi
Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan yengil sanoat sohasidagi korxonalarga 1-oktabrdan quyidagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari qo‘llaniladi:
- xalqaro brendlarni jalb qilish, standartlashtirish va sertifikatlashning xalqaro tizimlarini, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etish;
- eksport shartnomalari bo‘yicha sug‘urtalashni moliyalashtirish xarajatlarini qoplash hamda mutaxassislarni o‘qitish uchun grantlar ajratish;
- xorijiy davlatlarda savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, reklama kampaniyalarini tashkil etish bilan bog‘liq chet eldagi xarajatlarining bir qismini qoplash.
Tovarlar uchun ayrim sertifikatlar “Yagona darcha”dan beriladi
Shu yilning 1-oktabridan boshlab tovarlarni olib kirish, olib chiqish va tranzit qilish uchun barcha sertifikat va ruxsatnomalar faqat “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ