O‘zbekistonda 1-avgustdan avtomobillar uchun Trade-In tizimi joriy etiladi
Eski avtomobilni topshirib, yangisini xarid qilishda kredit foizlarining bir qismi qoplab beriladi
Foto: Kapital.uz
O‘zbekistonda 2026-yil 1-avgustdan boshlab avtomobillarni yangisiga almashtirish imkonini beruvchi Trade-In tizimi joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Prezident farmoniga ko‘ra, yangi mexanizm aholiga va biznes subyektlariga eski avtomobillarni topshirib, yangisini xarid qilish imkonini yaratadi. Shu bilan birga, yangi avtomobil uchun kredit rasmiylashtirilganda foiz stavkasining bir qismi davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi.
Mazkur tashabbus ekologik vaziyatni yaxshilash va havoning ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan. Shu maqsadda, yil oxirigacha Toshkent hududi transportning atrof-muhitga ta’siriga qarab “qizil”, “sariq” va “yashil” zonalarga ajratiladi. Ushbu tizimni to‘liq joriy etish 2027-yilga qadar yakunlanadi.
Bundan tashqari, 2026-yil may oyidan boshlab har oyda ikki marotaba — 10 va 25-sanalarida “Avtomobilsiz kun” va “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkaziladi. Ushbu kunlarda davlat xizmatchilariga xizmat transportidan foydalanish taqiqlanadi, biroq haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi.
Kapital.uz avvalroq 2026-yil uchun davlat dasturi bilan 1-iyundan eskirgan avtomobillarni utilizatsiya qilish va komponentlarini qayta ishlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ