O‘zbekistonda 1-apreldan nimalar o‘zgaradi

Mamlakatda savdo, soliqlar bo‘yicha yangilangan talablar kuchga kiradi, ipoteka dasturlari kengaytiriladi

O‘zbekistonda 1-apreldan nimalar o‘zgaradi

O‘zbekiston qonunchiligida 2026-yil 1-apreldan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi. Quyida ushbu sanadan joriy etiladigan asosiy o‘zgarishlar taqdim etildi.

Ko‘chmas mulk va transport vositalari uchun eskrou hisobvaraqlari

Mamlakatda kvartira, uy va avtomobillarni xarid qilish mexanizmi o‘zgarmoqda. Endilikda barcha moliyaviy operatsiyalar maxsus eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshirilishi majburiy hisoblanadi. Xaridor talab etilgan summani moliya muassasasiga naqd yoki naqdsiz shaklda kiritadi. Bitim esa faqat notarius mablag‘ mavjudligini tasdiqlagandan so‘ng yakunlanadi. Shundan keyin sotuvchi o‘z pulini oladi, agar shartnoma bekor qilinsa, mablag‘lar xaridorga qaytariladi.

Mazkur talablar ko‘chmas mulk obyektlari hamda 10 yilgacha bo‘lgan transport vositalariga (yengil avtomobillar, yuk mashinalari va maxsus texnika) tatbiq etiladi.

Ushbu xizmat uchun davlat ulushi mavjud banklar komissiya undirishadi: uy-joy xaridida — bazaviy hisoblash miqdorining 50% gacha (taxminan 206 ming so‘m), transport vositalarini sotib olishda esa — 25% gacha (103 ming so‘mgacha). Xususiy banklar esa o‘z tariflarini mustaqil belgilash huquqiga ega.

Agar bitimning har ikki tomoni bitta bankda xizmat ko‘rsatilsa, komissiya bir marta undiriladi. Turli banklarda xizmat ko‘rsatilganda esa har bir bank belgilangan summaning yarmidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘lov oladi.

Ayrim to‘lovlar faqat elektron shaklda amalga oshiriladi

Naqd puldan foydalanish amaliyoti asta-sekin kamayib, 2026-yil 1-apreldan boshlab ayrim to‘lovlar faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi.

Prezidentning PF-246-sonli farmoniga ko‘ra, 1-apreldan quyidagi to‘lovlar faqat bank kartalari yoki elektron tizimlar orqali amalga oshiriladi:

  • davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
  • elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvidan foydalanish uchun to‘lovlar;
  • spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari;
  • transport vositalariga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektr transportlarini zaryadlash xizmatlari;
  • qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;
  • ko‘chmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transport vositalari hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.

Farmonga ko‘ra, ushbu chora-tadbirlar 2030-yilga qadar yashirin iqtisodiyot ulushi ulushini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,3 baravarga qisqartirish hamda aholining savdo va xizmatlar uchun naqdsiz to‘lov ulushini 75 foizga yetkazishga xizmat qiladi.

Jarima ballari berish amaliyoti kengayadi

Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari orqali qayd etilgan tegishli yoʻl harakati qoidabuzarliklari uchun ham jarima ballari hisoblanadi.

Hukumat qaroriga asosan, jarima ballarini transport vositasining mulkdori va undan fuqarolik-huquqiy munosabatlari, yaʼni ishonchnoma, sugʻurta polisi, yoʻl varaqasi asosida foydalanuvchi boshqa haydovchilarga taqsimlash tartibi belgilangan.

Unga koʻra, avtomobil egasi tegishli axborot tizimida shaxsiy kabinet ochadi va mashinani boshqarish uchun kimgadir topshirishdan oldin, uning shaxsini shu kabinet orqali ko‘rsatadi.

Chet elliklarga QQS qaytariladi

Respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida chet el fuqarolariga QQSni qaytarish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Chet el fuqarolariga ularning ixtiyoriga asosan QQSni naqd pulda qaytarib olish imkoniyati yaratiladi.

unda qo‘shilgan qiymat solig‘ining belgilangan stavkasi miqdorining 85%i chet el fuqarosiga qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qaytarishga, 15%i Tax Free tizimi operatorining xizmatlariga yo‘naltiriladi.

QQSni chet el fuqarolarining bank kartasiga qaytarish tovarlar olib chiqib ketilgan kundan keyin 3 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.

Turizm sohasi uchun subsidiyalar

Mahalliy aviakompaniyalarga yangi aviareyslar orqali olib kelingan har bir xorijiy yo‘lovchi uchun $100 miqdorida subsidiya ajratiladi, shuningdek aeroport xizmatlariga 20% chegirma taqdim etiladi.

Turistik kompaniyalar har ming nafar olib kelingan sayyoh uchun $5 minggacha mukofot olishlari mumkin. Bundan tashqari, ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) bir qismini qaytarish imkoniyati ham beriladi.

Yirik xalqaro tadbirlar tashkilotchilariga esa qo‘shimcha imtiyozlar ko‘zda tutilgan. Xususan, kamida 100 nafar xorijiy delegat ishtirok etadigan forum yoki konferensiyalar o‘tkazilganda, tadbirkorlar to‘langan QQSning 50% ini qaytarib olishlari mumkin.

Ta’lim tashkilotlarining bo‘sh maydonida bog‘chalar quriladi

Maktabgacha ta’lim qamrovi 80% dan past boʻlgan tuman (shahar)lardagi (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlik subyektlariga maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlarining boʻsh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etishga ruxsat beriladi.

Byudjet buyurtmachilarining davlat xaridlari doirasida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan taklif etilgan eng past import tovarlarining narxidan quyidagi miqdorlarda narx preferensiyasi beriladi:

  • uchta va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 15%;
  • ikkita mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 12%;
  • bitta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 8%.

Ekologiyaga zarar yetkazganlarga sanksiyalar qo‘llanadi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash tartibi joriy etiladi.

Bunda daryo o‘zanlarida noruda materiallarni noqonuniy qazib olish, suv resurslarini ifloslantirish, daraxt va butalarni g‘ayriqonuniy kesish yoki yo‘q qilish, ifloslantiruvchi moddalarni belgilangan meʼyordan ortiq miqdorda atmosfera havosiga chiqarganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Issiqxonalarda, ishlab chiqarish binolarida yoki yondirish uskunalarida shinalar, bitum, mazut, plyonka, sintetik karton, rezina, jun tolasi va shunga o‘xshash zararli komponentlarni o‘z ichiga olgan chiqindilarni yoqish ham maʼmuriy javobgarlikka olib keladi.

Davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi

O‘zbekistonda davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi olti kunlikdan besh kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi. Bu prezidentning tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Tibbiyot muassasalari faoliyatining uzluksizligini ta’minlash maqsadida bayram va dam olish kunlari ularning ishi navbatchilik asosida tashkil etiladi, deyiladi hujjatda.

Kosmetika ishlab chiqaruvchilariga imtiyozlar beriladi

1-apreldan boshlab biologik faol qo‘shimcha va kosmetika vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalarga bojxona imtiyozlari beriladi. Bu haqda prezidentning 5-martdagi farmonida belgilandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Bo‘stonliqda $130 mln investitsiya bilan yangi kurort ochiladi
/
Bo‘stonliqda $130 mln investitsiya bilan yangi kurort ochiladi
O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish ikki oy ichida 12% ga oshdi
/
O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish ikki oy ichida 12% ga oshdi
O‘zbekistonda tengedan tashqari barcha xorijiy valyutalar arzonlashdi
/
O‘zbekistonda tengedan tashqari barcha xorijiy valyutalar arzonlashdi