O‘zbekiston foydalanuvchilari uchun Telegramda Wallet xizmati ishga tushirildi

Foydalanuvchilar Humo, Visa va Mastercard kartalari orqali balansni to‘ldirishi hamda 200 dan ortiq tokenlar bilan — sotib olish, almashish va o‘tkazmalarni amalga oshirishi mumkin

O‘zbekiston foydalanuvchilari uchun Telegramda Wallet xizmati ishga tushirildi

9-dekabrdan boshlab Telegram ichidagi Wallet servisi O‘zbekistonda ish boshladi. Endi foydalanuvchilar alohida ilova o‘rnatmasdan turib kripto-aktivlarni sotib olish va sotishlari mumkin — barcha operatsiyalar bevosita messenjer interfeysi orqali bajariladi.

Wallet yordamida Bitcoin, Toncoin, USDT va boshqa tokenlarni odatiy Telegram interfeysida sotib olish va jo‘natish mumkin. Xaridlar Humo, Visa va Mastercard kartalari orqali amalga oshiriladi, o‘tkazmalar esa xabar yuborish jarayoniga o‘xshash tarzda bajariladi. Loyiha bo‘yicha O‘zbekistondagi texnik hamkor — Asterium platformasi bo‘lib, u to‘lov tizimlari bilan integratsiya hamda identifikatsiya va xavfsizlik talablari asosida operatsiyalarni qayta ishlashni ta’minlaydi.

Servisdan foydalanish uchun tezkor ro‘yxatdan o‘tish va shaxsni tasdiqlash talab etiladi — bu litsenziyalash talablari va mijozlarni identifikatsiya qilish qoidalari bilan bog‘liq.

Wallet’ning O‘zbekistonda ishga tushirilishi Milliy istiqbolli loyihalar agentligi tomonidan berilgan litsenziyadan so‘ng amalga oshdi. Tartibga solish jarayoni foydalanuvchi ma’lumotlarini himoya qilish va operatsiyalarni nazorat qilishni ko‘zda tutadi, bu esa xizmatni moliyaviy huquqbuzarliklarning oldini olish talablari bilan mosligini ta’minlaydi.

Kompaniya vakillari aytishicha, O‘zbekiston bozorini tanlashga Telegram’ning yuqori ommalashuvi va fintech yo‘nalishining faol rivojlanishi sabab bo‘lgan. Baholashlarga ko‘ra, mamlakatda messenjerdan o‘nlab million foydalanuvchi foydalanadi — platforma deyarli asosiy raqamli muloqot va biznes maydoniga aylangan.

Telegramda Wallet’dan foydalanishni boshlash tartibi

1. Servisni ochish:

  • Telegram qidiruviga Wallet deb yozing;
  • Rasmiy botni tanlab, hamyon interfeysiga o‘ting;
  • Qo‘shimcha ravishda Wallet yon menyuda ham chiqishi mumkin.

2. Ro‘yxatdan o‘tish:

  • Telefon raqami avtomatik aniqlanadi;
  • Ism va asosiy ma’lumotlar kiritiladi.

3. Shaxsni tasdiqlash (bir martalik jarayon):

  • Hujjat rasmi (shaxsni tasdiqlovchi hujjat va yashash manzili haqidagi ma’lumot);
  • Selfi orqali tasdiqlash;
  • Ma’lumotlarni tizimda tekshirish;
    Jarayon bir necha daqiqa davom etadi va natija ilovaning o‘zida ko‘rinadi.

4. Kartani ulash

  • Humo
  • Visa
  • Mastercard

Karta ma’lumotlari himoyalangan to‘lov tizimi orqali saqlanadi.

5. Balansni to‘ldirish

  • Bank ilovasi orqali odatdagi to‘lov kabi amalga oshiriladi;
  • Tasdiqlangandan so‘ng mablag‘ Wallet hisobida aks etadi.

6. Servisdan foydalanish imkoniyatlari

Kripto-aktivlar bilan operatsiyalar uchun:

  • BTC, TON, USDT xarid qilish;
  • Tokenlarni o‘zaro almashtirish;
  • Kartaga yechib olish (boshlanishda — faqat Humo kartalariga).

Pul o‘tkazmalari uchun:

  • Telegram kontaktiga mablag‘ yuborish;
  • O‘tkazma chat tarixida xabar ko‘rinishida chiqadi.

Saqlash uchun;

  • Aktivlar hamyonda saqlanadi;
  • Uchinchi tomon ilovalarsiz xavfsiz operatsiyalarni amalga oshirish mumkin.

Muhim:

  • O‘zbekistonda kriptovalyuta to‘lov vositasi sifatida tan olinmagan, shuning uchun tovar va xizmatlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lov qilish taqiqlangan.
  • Raqamli aktivlar yuqori volatillikka ega — ularning qiymati tez o‘zgarishi mumkin. Kriptovalyuta xaridi, saqlanishi yoki o‘tkazmasida moliyaviy xatarlar mavjudligini hisobga olish zarur.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Humans ilovasiga ulangan bank kartalaridan ommaviy ravishda pul yechib olindi
/
Humans ilovasiga ulangan bank kartalaridan ommaviy ravishda pul yechib olindi
O‘zbekiston va Qozog‘iston yuk poyezdlar almashinuvini sutkasiga 35 juftgacha oshiradi
/
O‘zbekiston va Qozog‘iston yuk poyezdlar almashinuvini sutkasiga 35 juftgacha oshiradi
Netflix Warner Bros.’ni $72 mlrdga sotib olmoqda
/
Netflix Warner Bros.’ni $72 mlrdga sotib olmoqda