Jizzaxda 4 kilometrlik yangi avtomobil yo‘li qurildi
Viloyatni M-39 xalqaro avtomobil yo‘liga bog‘lash uchun 290 mlrd so‘m sarflangan
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbari dastlab zamonaviy va qulay yo‘l infratuzilmasini barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Viloyat markazini M-39 xalqaro avtomobil yo‘liga bog‘lash maqsadida qariyb 290 mlrd so‘m hisobidan 700 metrlik yo‘l o‘tkazgich va 4 kilometrlik yangi avtomobil yo‘li qurildi. Yangi yo‘l har kuni 14 mingdan ortiq transport vositasini o‘tkazish imkoniyatiga ega.
Shu paytgacha mazkur yo‘nalishda shaharga kirish-chiqish uchun 25 kilometrlik aylanma yo‘ldan foydalanib kelingan. Yangi inshoot tufayli bu masofa 4 kilometrgacha qisqardi, eski yo‘ldagi tirbandliklar bartaraf etildi. Bu nafaqat haydovchilar, balki tadbirkorlar, logistika va xizmat ko‘rsatish sohasi uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Metall konstruksiyalardan zamonaviy texnologiya asosida barpo etilgan o‘tkazgichning xizmat muddati 100 yil deb baholanmoqda. An’anaviy temir-beton o‘tkazgichlar odatda 50 yil xizmat qiladi. Demak, xizmat muddati ikki barobarga uzaydi.
Loyihaning yana bir muhim jihati – ilgari yo‘lovchi va yuk poyezdlar o‘tgan paytda avtomobillar temir yo‘l kesishmasida to‘xtab qolishga majbur edi, endilikda esa yo‘l o‘tkazgich qurilgani tufayli tez tibbiy yordam, o‘t o‘chirish va boshqa maxsus xizmatlarning harakati ancha yengillashadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ