Prezident tashrifi doirasida Jizzaxda qanday o’zgarishlar amalga oshirilishi belgilandi
Xususan, viloyat hokimiga 2026-yilda $4,5 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilish vazifasi topshirildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Avval xabar berilganidek, Bugun, 2-dekabr kuni Prezident Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo’lib o’tdi.
Kapital.uz sessiya doirasida davlat rahbari tomonidan tilga olingan yangi o’zgarishlarni bir yerga jamladi.
Xususan, Xalq deputatlari va viloyat faollari ishtirokida viloyat hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi va Ulug‘bek Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi etib tasdiqlandi.
Davlat rahbari yangi hokim keyingi yilda viloyatga $4,5 mlrd xorijiy investitsiya olib kelish, eksportni $500 mlnga yetkazish, 175 ming odamni ishli qilish, 15 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish borasida qattiq ishlashi kerakligini aytgan.
Jizzaxning sanoat zonalaridagi 3 ta direksiya negizida investorlarni kutib olish, ularga hamrohlik qilish, marketing bilan shug‘ullanadigan Yagona boshqaruv kompaniyasi tashkil qilinadi.
Ushbu kompaniyaga sanoat zonalarida joylashadigan loyihalarga yerning bozor qiymatida ulushdor bo‘lib kirish vakolati beriladi.
Qayd etilishicha, viloyatning respublika avtomobilsozlik sanoatidagi ulushi 25% ga yetgan. Kelgusi yildan butlovchi qismlarni validatsiya qilish xarajatlarining 50% ini Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan qoplab berish yo‘lga qo‘yiladi.
Mutasaddilarga G‘allaoroldagi oltin resursiga ega istiqbolli maydonga investor jalb qilish, Forishdagi qo‘rg‘oshin-rux konida geologiya-qidiruv ishlarini yakunlash, Arnasoydagi uran zaxirasi aniqlangan konning texnik-iqtisodiy asosini yakunlash topshirildi.
Energetika vazirligiga bu yerga 40 km yuqori kuchlanishli tarmoq tortib kelib, 40 megavattli podstansiya qurish vazifasi qo’yildi.
2026-yil “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida suv tozalash inshooti qurish uchun 100 mlrd so‘m ajratiladi. Xitoylik hamkorlar bilan joriy yil 200 megavatt, keyingi yil 300 megavattli quvvatlar yaratilishini ta’kidladi. Bunga qo‘shimcha 30 megavattli 150 ta kichik va mini GESlar ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, infratuzilmani yaxshilash va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kelasi yil qariyb 10 trln so‘m resurs beriladi. Ajratilayotgan mablag‘ning 1,7 trln so‘mi Sharof Rashidov tumaniga to‘g‘ri keladi. Ushbu tumandagi 9 ta mahallaning infratuzilmasini yaxshilashga Jahon bankining $8 mln mablag‘i beriladi.
Sharof Rashidov tumanidagi Yangi hayot mahallasida foydalanilmay turgan 10 gektar maydonda yashil bog‘ barpo qilish uchun 10 mlrd so‘m ajratiladi.
2026-yilda Sangzor daryosini tozalash, suv bilan to‘ldirish, piyodalar o‘tish ko‘prigi va amfiteatr qurish uchun 20 mlrd so‘m berilishi belgilandi.
Prezident Jizzaxdagi yaylovlardan samarali foydalanish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish bo’yicha topshiriq berdi, shu bilan birga, keyingi yildan yaylovlarda ekin ekkan yer egalariga yer solig‘i 2 karra kamaytirib beriladi.
Shuningdek, 2026-yildan kartoshka yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etiladi. Bunda mineral o‘g‘it, texnika, yoqilg‘i va boshqa xarajat uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan bir yil muddatga 12% li kredit ajratiladi.
Yana bir yangilik — sug‘orish nasoslari elektr xarajatining 50% i qoplab beriladi, chetdan olib kelingan kartoshka ekish va yig‘ib olish texnikalari bojxona bojlaridan ozod qilinadi.
Matbuot xizmati xabariga ko’ra, ekin yerlarini ijaraga berishning yangi tizimi joriy qilinadi.
Endilikda yerni ijaraga olgan dehqon unga nima ekishini o‘zi mustaqil hal qiladi. Shuningdek, auksionda takroriy savdoga qo‘yilgan yerlarning boshlang‘ich narxi 10% gacha pasaytiriladi.
Yer ijarasidan tushgan mablag‘lar to‘liq sanoatlashgan bog‘larga suv, elektr, yo‘l tarmoqlarini tortish kabi infratuzilma obyektlari uchun sarflanadi.
AQShlik hamkorlar bilan Zominda parranda bo‘yicha yirik naslchilik korxonasi tashkil qilinmoqda. Ushbu klasterda 100 ming bosh quvvatdagi birinchi naslli ona tovuq va 9 mln dona inkubatsion tuxum ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Urbanizatsiya milliy qo’mitasi va viloyat hokimligiga Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanini yagona aglomeratsiya asosida rivojlantirish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish topshirildi. Bunda Sharof Rashidov tumani va Jizzax shahri o‘rtasidagi 40 gektar bo‘sh maydon tanlab olinadi va keyingi yildan ushbu massivda 1,2 ming xonadonli 50 ta ko‘p qavatli uy quriladi.
Massiv hududida yagona ma’muriy markaz qurib, Sharof Rashidov tumanidagi barcha 21 ta davlat tashkilotini shu yerga ko‘chirish zarurligi qayd etildi.
Shahar ichidagi tirbandlikni bartaraf etish uchun 10 kilometrli aylanma yo‘l quriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ