Jizzaxdagi AESda xodimlar uchun monoshaharcha quriladi
Shahar stansiyadan 16 km uzoqlikda barpo qilinib, unda zarur infratuzilma, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashadi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Jizzaxdagi bo‘lajak atom elektr stansiyasida mehnat qiladigan mutaxassislar va ularning oilalari uchun monoshaharcha quriladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari 2-dekabr kuni viloyatga tashrif buyurganida mutasaddilar atom energetikasi loyihalarining borishi to‘g‘risida axborot berdi.
Qayd etilishicha, ayni paytda Jizzax viloyatida integratsiyalashgan – ikkita kam quvvatli reaktor va ikkita katta reaktordan iborat atom elektr stansiyasini barpo etish boshlangan. Hozirgi bosqichda reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari faol pallaga kirgan. Qurilish-montaj bazasi uchun yer tekislash, betonlash, armatura o‘rnatish ishlari bajarilmoqda. Quruvchilar yashashi uchun vaqtinchalik turar-joy majmuasi barpo etilgan.
Atom elektr stansiyasi uchun zarur qurilish materiallarini mahalliylashtirish, oliygohlarda soha uchun kadrlar tayyorlashni kengaytirish rejalari taqdimot qilindi.
Bo‘lajak elektr stansiyada mehnat qiladigan mutaxassislar va ularning oilalari uchun monoshaharcha qurish loyihasi haqida ma’lumot berildi. Shaharcha AESdan 16 kilometr uzoqlikda joylashgan, 10 ming kishiga mo‘ljallangan bo‘ladi, unda barcha zarur infratuzilma, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish obyektlari ko‘zda tutiladi.
Prezidenti Jizzax shahriga kirish qismini zamonaviy qiyofaga keltirish bo‘yicha master-reja va renovatsiya loyihalari taqdimoti bilan ham tanishdi. Renovatsiya dasturi asosida Jizzaxda eski uy-joylar o‘rnida zamonaviy, qulay va xavfsiz turar-joylar barpo etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, IT-markaz binosini barpo etish, hunarmandchilik markazini tashkil etish, ayrim mavjud majmualarni rekonstruksiya qilish hamda gavjum ko‘chalarni tartibga keltirish kabi loyihalar bilan tanishildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ